O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Eshiklar orasiga yashirilgan 5600 dona dori vositalari fosh etildi

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda sifati kafolatlanmagan va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining yashirin aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, tezkor tadbir davomida fuqaro M.A. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Bir qarashda ushbu avtomashinada hech qanday noqonuniy tovar-moddiy boyliklar yo‘q edi go‘yo. Ammo, sergak xodimlar tomonidan ushbu avtomashina eshik qoplamalari orasi ko‘zdan kechirilganida, qonunbuzarning nayrangi oshkor bo‘ldi.

Mazkur shaxs xorijda ishlab chiqarilgan, sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 168 million so‘mlik 5600 dona “REGAPEN 300 gr” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini eshik qoplamalari orasiga yashirib olganligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech