O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev Agentlik tizimi xodimlari va soha mutaxassislariga hamda aholiga murojaat qildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Kariyev Sardor Xikmatovichning Agentlik tizimi xodimlari va soha mutaxassislariga hamda aholiga murojaati

Korrupsiyaga qarshi kurashish Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Eng avvalo, taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi mahsulidir. Jumladan, davlat rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati haqidagi fikrlarini bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi deyish lozimdir.

Taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavflidir. Shu bois mamlakatimizda mazkur illatga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Barcha sohada normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solib, unda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi asosiy tushunchalarga izoh berish bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari ko‘rsatib berilgan.

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun masʼul bo‘lgan alohida organ – “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi” tashkil etildi. Ushbu organ bilan hamkorlikda Agentligimizda ham korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi ichki komplayens nazorati tizimi joriy etilishi bilan korrupsiyaga qarshi ichkaridan turib kurashilishi, katta salbiy oqibatlarga olib keluvchi korrutsion holatlarning oldi olinishi taʼminlanadi. Natijada, “Kasalni davolashdan ko‘ra oldini olgan maʼqul” tamoyili amaliyotga joriy etiladi. Shu munosabat bilan, barcha davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi barobarida, Agentlik markaziy apparati tuzilmasida ham “Komplayens, moliyaviy nazorat va ichki audit xizmati” joriy qilindi.

Qisqa muddatda, Agentlik va uning idoraviy mansub tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 14 tadan ortiq ichki idoraviy xujjatlar ishlab chiqilib, faoliyatga joriy qilindi.

Bundan tashqari, Agentlikda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi” va ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimi” standartlarini 2022 yilda joriy qilish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda, dastlabki bosqichda, Agentlikning 5 nafar rahbar va ishchi-xodimlari ISO 37001:2016 standarti bo‘yicha malakasini oshirib, maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, Agentlik tarkibidagi tashkilot va muassalarda ham komplayens va ichki audit xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli tashkiliy va boshqa chora tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurash tamoyillari hamda xalqaro standartlar talabiga muvofiq ravishda 2021 yil 1 sentyabrdan agentlik tizimida mavjud barcha bo‘sh (vakant) lavozimlarga malakali mutaxassislarni ochiq tanlov tamoyillari asosida ishga qabul qilish amaliyoti joriy etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi tasdiqlagan “9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan aksilkorrupsion haftalik doirasida Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy xujjatlari bilan tanishtirish, korrupsion xolatlarning mavjudligi, ularning oldini olish bo‘yicha 2021 yil 3 dekabr kuni “Ochiq eshiklar kunlari” tadbiri o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021 yil 24 dekabrda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Agentlikda istalgan shaxsga huquqbuzarlik holati haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyatga habar berish imkonini yaratish maqsadida, jismoniy va yuridik shaxslarning murojatlarini qabul qiluvchi maxsus telegram-bot “-@stop_corruptionbot” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Endi Siz sohadagi qonunbuzarlik va korrupsiya holatlariga duch kelsangiz, ushbu “-@stop_corruptionbot” yoki (71) 203-27-77 raqamli “Ishonch telefoni” hamda sohaga dahldor korrupsion holatlar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri maʼlumot qabul qiluvchi Agentlikning “Komplayens, moliyaviy nazorat va ichki audit xizmati”ga biriktirilgan (71) 234-15-58 raqamli telefon orqali bevosita murojaat qilishingiz mumkin.

Shuningdek, Agentlik tizimida korrupsion xolatlarning mavjudligi, ularning ko‘rinishlariga baho berish hamda aholi fikrini o‘rganish maqsadida Agentlikning rasmiy www.uzpharmagency.uz saytida doimiy ishlovchi anonim so‘rovnoma o‘tkazish bo‘yicha sahifa joylashtirilgan.

Lekin, rivojlanib borayotgan O‘zbekistonimizning gullab yashnashida Farmatsevtika sohasini tubdan rivojlantirish, halqimizni sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlashda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida salmoqli natijalarga erishish uchun birgina Agentlik va uning komplayens xizmati tomonidan emas, balki, bu illatga qarshi birgalikda kurash olib borish bilangina kutilgan natijalarga erishishimiz mumkin.

Shu bois, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tizimidagi barcha xodimlarni, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, yetkazib berish hamda ulgurji va chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlik subyektlari ishchi xodimlarini hamda barcha fuqarolarimizni qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi va har qanday noqonuniy hatti-xarakatlarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi tamoyillariga tayangan holda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirilishi jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.

Siz Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tizimida hamda farmatsevtikaga oid sohada korrupsiyaga duch kelsangiz, bizga zudlik bilan xabar bering. Har bir murojaat shaxsan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori nazorati ostida qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori
Kariyev Sardor Xikmatovich

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech