O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevning bayram tabrigi

Assalomu alaykum hurmatli hamkasblar va yurtdoshlar! Shu kunlarda har birimiz o‘z hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan 2020 yil bilan xayrlashib, ezgu qadamlar bilan kirib kelayotgan 2021 yilni yaxshi niyatlar bilan qarshi olmoqdamiz. 2020 yil – "Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili" nomini oldi, shuningdek sinovli yil ham bo‘ldi. Shunga qaramay, bugun bor kuch va imkoniyatlarimiz yurtimiz taraqqiyotiga safarbar etilgan bir paytda, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yo‘lidamiz.

O‘tayotgan yil COVID-19 pandemiyasi davrida tarmoq vakillari qo‘llaridan kelgancha halqimiz uchun ko‘makda bo‘ldilar. Mahalliy farmatsevtika tarmog‘ida aholi va davolash-profilaktika muassasalarining farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini yetarli darajada qanoatlantirish uchun samarali ishlar olib borildi.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasi tizimini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Endilikda, mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta elektron qonun hujjati qabul qilindi. Mazkur hujjat sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga retsept yozishda dori vositalarining savdo nomini emas, balki uning tarkibidagi taʼsir qiluvchi moddalarni yozish talab etiladi. Bu esa fuqarolarga tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini o‘zlarining xohishiga asosan sotib olishlariga imkoniyat yaratadi, shuningdek tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy holatlarni, tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi noqonuniy kelishuvlarni oldini olishga xizmat qiladi.

Yana bir quvonchli voqea - joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlandi. “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri Homiylik kengashi hamda Rivojlantirish direksiyasi tuzildi. Uning faoliyatini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi amalga oshiradi. Kelgusida bu yerda chet el klinikalari, tibbiyot markazlarini ochish, klasterning infratuzilmalarini yana-da rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Har bir yangi yil erishilgan yutuqlarga zavq bilan qarash mumkin bo‘lgan muhim bosqichdir. Umid qilamanki, bu yil Sizlar uchun muvaffaqiyatli bo‘lib, kelgusi yilda ushbu o‘tayotgan yil davomida ro‘yobga oshmagan barcha orzu-umidlaringiz amalga oshadi.

Kirib kelayotgan 2021 yil hammamizga muborak bo‘lsin. Sizni va oila aʼzolaringizni Yangi 2021 yil bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman!

Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin!
 
Samimiyat bilan,
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi
direktori Sardor Kariyev
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech