O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Litsenziya va nazorat qilish boshqarmasi ogohlantiradi

O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi barcha tashkilotlarga (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) diqqatiga!

Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shuningdek dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari
va shartlari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2647-sonli qarori bilan 2017 yilning 1 yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari
va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun
sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan
 miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu qaror bilan:

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari
va Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi zimmasiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ular narxining davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ular narxining davlat tomonidan belgilangan tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda uning buzilishi aniqlanganda qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallarni litsenziyalovchi organga kiritish vazifasi yuklangan.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 maydagi 284-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Farmatsevtika faoliyatini (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno) litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomlarga asosan muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibining buzilishi litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanishini eslatib o‘tamiz.

Yuqoridagilarga asosan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga rioya qilmagan ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) nisbatan litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatish yoki bekor qilishgacha bo‘lgan qatʼiy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogoxlantirib o‘tamiz.

Litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech