O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23 iyun sanasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika sanoatidagi o‘zaro manfaatli hamkorligini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Kariyev mamlakatimizda AQSH, Yaponiya, Koreya va Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni soddalashtirilganini taʼkidladi.

Shuningdek u, Agentlik o‘z vakolatlari doirasida yirik hind kompaniyalarining ko‘plab ishlab chiqarish loyihalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirishga ko‘maklashayotganini eʼtirof etdi.

Janob elchi Manish Prabxat O‘zbekistondagi anʼanaviy tibbiyotga qiziqish bildirdi va Hindistonning yirik anʼanaviy o‘simlik dori vositalari ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek u, Hindistonda anʼanaviy tibbiyot har doim davolanishning bir qismi bo‘lganini aytib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish maqsadida doimiy asosda axborot almashishga kelishib oldilar va janob elchi Manish Prabxat Hindiston anʼanaviy tibbiyoti bilan batafsil tanishish uchun Agentlik vakillarini Hindistonga taklif qildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech