O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining rasmiy bayonoti

Xabaringiz bor, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yana-da keng shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi "Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-6044 Farmoni qabul qilingan.

Mazkur Farmonning 7 bandiga muvofiq, 2020 yilda muddati tugaydigan farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddati 2021 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilgan edi. Endilikda, 2020 yilda litsenziyasining amal qilish muddati tugagan va 2021 yilda ham farmatsevtika faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan litsenziyatlar belgilangan tartibda yangi litsenziya olishlari talab etiladi.

Farmonining 1-ilovasidagi ro‘yxatga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan  boshlab Farmatsevtika faoliyatining:

➖ tibbiy buyumlari ishlab chiqarish;

➖ tibbiy buyumlari tayyorlash;

➖ tibbiy buyumlarini ulgurji realizatsiya qilish;

➖ dorivor o‘simlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji sotish yo‘nalishlarida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Bunda, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat o‘rniga tartibga solishning muqobil mexanizmi ishlab chiqilishi taklif etilgan bo‘lib, tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish va tayyorlash faoliyatini texnik tartibga solish bo‘yicha qoidalar (Normativ-huquqiy hujjat loyihasi) Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, Farmonining 3-ilovasidagi ro‘yxatga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab, oftalmologiya tibbiy buyumlarini chakana realizatsiyasi (optika) faoliyati uchun, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga ushbu faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma yuborish tartibini joriy qilish orqali litsenziya rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, oftalmologiya tibbiy buyumlarini chakana realizatsiyasi faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun yuqoridagi xabarnoma yuborish tartibi tegishli qonun hujjatlari loyihalari qabul qilingandan so‘ng joriy etiladi.

Takidlash joizki, Farmoning 2 band b kichik bandiga asosan, oftalmologiya tibbiy buyumlarini chakana realizatsiyasi faoliyati uchun avval rasmiylashtirilgan litsenziyaning amal qilishi o‘z kuchida qoladi va ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun vakolatli organni xabardor qilish talab etilmaydi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech