O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmreyd: Ro‘yxatdan o‘tmagan dori vositalarini sotgan dorixona faoliyatiga chek qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar Shayxontohur tuman bo‘limining murojaatiga asosan Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida “Neo pharm” MCHJga qarashli dorixonada qonunga xilof ravishda dori vositalari sotilayotganligi va tekshirish natijasiga ko‘ra 7 nomdagi: “Loceryl”, “Kalimin 60", “Victoza”, "Zoviraks liofilizat", "Goal-f 75", "Contrastubex 100”, “Dermatix aultra jel" dori vositalari sotish uchun dorixonada saqlanayotganligi aniqlanib, javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Maʼlumot uchun ushbu dori vositalari yurtimizda tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestr ro‘yxatiga olinmaganligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasining “Neo pharm” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2021 yil 10 sentyabrda berilgan TN №731-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va “Neo pharm” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi 2016 yil 4 yanvardagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi 3-qismiga ko‘ra, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini realizatsiya qilish maqsadida saqlash, tashish taqiqlanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech