O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Fransiya bilan hamkorlikni mustahkamlash aholi salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi

Yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasiga xalqaro ilg‘or tajribalar va innovatsion yechimlar, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish borasida dunyoda yetakchi bo‘lgan Fransiya korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa tibbiyotimizning turli yo‘nalishlarida yangi zamonaviy bosqichlarga erishishda o‘z samarasini bermoqda.

Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga Oliy darajadagi tashrifi doirasida ko‘plab boshqa sohalar qatori, aholimizning salomatligini mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanayam mustahkamlash chora-tadbirlari belgilab olindi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Fransiyadagi yirik farmatsevtika korxonalari masʼullari bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muzokara olib bordilar. Xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinborsari U.Egamov ishtirokida Fransiyaning “Sanofi-Aventis” kompaniyasi bilan o‘zaro Hamkorlik Bayonnomasi imzolanib, insulin analogi va vaksinalarni yetkazib berish, endokrinologlarning qandli diabetni boshqarish sohasidagi bilimlarini oshirish, shartnomaviy o‘zaro munosabatlarni soddalashtirish, kompaniyaning dori vositalarini ikkilamchi o‘ramda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralari belgilangan uzoq muddatli shartnomalar tuzildi.

Taʼkidlash joizki, “Sanofi-Aventis” dunyoning yetakchi farmatsevtik kompaniyalaridan biri bo‘lib, 12 ta davlatda ishlab chiqarish quvvatlariga ega. Kompaniya tomonidan uzoq muddat taʼsir etuvchi insulin analogi “Lantus®” va qisqa muddat taʼsir etuvchi insulin analogi “Apidra” singari strategik zarur dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu kompaniyadan 2022 yilda mamlakatimizga qiymati 1,7 mln. dollarlik shartnoma doirasida 315 ming shpris-ruchkalar xarid qilingan.

Shuningdek, U.Egamov ishtirokida Fransiyaning “Laboratoire Innotech International” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda xorijlik hamkorlarga O‘zbekistondagi investitsion muhit haqida batafsil maʼlumot berildi. Muzokaralar so‘ngida kompaniya masʼullari tomonidan Markaziy Osiyoda yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qiziqish bildirildi. Ushbu masala yuzasidan xorijiy hamkorlarning kelgusi yilning yanvar oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi to‘g‘risida kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, “Laboratoire Innotech International” Fransiyaning yetakchi farmatsevtik kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning tomonidan ishlab chiqarilgan 16 nomdagi dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan. 2020-2022 yillarda ushbu kompaniyaning 2 million o‘ram, qiymati 6,2 million dollarlik dori vositalari mamlakatimizga olib kirilgan.

Shuningdek, “Les Laboratoires Servier” va “Substipharm” kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech