O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Giyohvandlik va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi Kontranbadaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli qator tezkor tadbirlar o‘tkazishdi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan “Lasetti” rusumli transport vositasi belgilangan tartibda to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, mazkur transport vositasida yo‘lovchi sifatida kelayotgan shaxsga tegishli, transport vositasining orqa o‘rindig‘i ustidagi kiyimlar orasida qiymati 60 mln. so‘mlik 4 ming dona “tramadol” giyohvandlik dori vositalari yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, Namangan shahridagi xonadonlardan biri ko‘zdan kechirilganida, mazkur xonadonda 1132 dona “tramadol” giyohvandlik dori vositalari saqlanayotganligi aniqlandi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, transport vositasining yukxonasidagi 2 ta qopda  3733 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib,  Toshkent shahar Bektemir tumanida mazkur dori vositalarini qabul qilish uchun kelgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Bundan tashqari mazkur shaxs o‘z ixtiyori bilan yaqin qarindoshlaridan birining xonadonida yashirib qo‘ygan 975 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tezkor xodimlarga topshirdi.

O‘tkazilgan tadbir doirasida qiymati 454 mln. so‘mdan ortiq 4 708 dona  kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan yana bir holatda ushbu tumanda istiqomat qiluvchi shaxs to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida, unig qo‘lidagi qora rangli polietilen paketda 580 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, mazkur shaxsning ko‘rsatmasiga asosan tumandagi yashash xonadonlaridan biri ko‘zdan kechirilganida, u yerda ham 4577 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlangan 20 ta holatda jami 37 832 dona giyohvand moddalar hamda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech