O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Har qanday suyuqlik ham biz qabul qilayotgan dori preparatiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin

Mutaxassislar fikricha, har qanday suyuqlik ham siz qabul qilayotgan dori preparatiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Zero har bir dori vositasining tarkibi va taʼsir doirasi turlicha bo‘lib, u yoki bu turdagi suyuqlik bilan o‘zaro kirishganida turlicha taʼsir ko‘rsatadi.

Suv, sut yoki minerallar

Kapsuladagi tabletkalarni tik turgan holatda 100 ml. qaynatilgan iliq suv bilan ichish kerak. Suyuqlik miqdori oz bo‘lsa, kapsula qizilo‘ngachga yopishib qolishi ham mumkin;
Yurak faoliyatini yaxshilash uchun mo‘ljallangan tomchi dorilarni 20-30 ml. suv yoki qand bo‘lagiga tomizib, so‘ng qabul qilsa ham bo‘ladi;
Mukalitik turdagi tabletkalar (mukaltin)ni 1 osh qoshiq sut yoki suvda eritib ichilsa, yaxshi taʼsir etadi;
Trixopol, rezerpin, prednizolon hamda yod prepaparatlari sut bilan ichilgani durust;
Eritromitsin guruhiga mansub dori vositalarini ishqorli suv yoki sut bilan qabul qilish lozim. Nordon sharbatlar esa tavsiya etilmaydi;
Kofein, teobromin va teofillin preparatlari esa aksincha nordon sharbatlar bilan ichilishi mumkin;
Isitma qoldiruvchi dori vositalari sut bilan ichilmaydi! Bunda 150 ml. qaynagan suv kifoya.
 

Qahva yohud choy?!

Tanin moddali choylar dori turlarining tarkibini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ayniqsa, kamqonlikni davolashda qo‘llaniladigan temir moddasidan iborat preparatlarni choy bilan ichish mumkin emas! Bu holatda cho‘kma hosil bo‘lishi va organizmga nojo‘ya taʼsir qilish ehtimoli mavjud. Shuningdek, qon-tomir kasalliklari, hazm qilish faoliyatini yaxshilovchi, meʼda yarasi, antibiotiklar hamda nevrologiyada qo‘llaniluvchi dori vositalarini ham choy bilan ichish tavsiya etilmaydi.

Qaxva esa preparat taʼsirini kamaytirib, organizmdan ajralib chiqishini tezlashtiradi. Umuman dorini qahva bilan qabul qilish kutilmagan holatlarga olib kelishi kuzatilgan. Ayniqsa, og‘riqsizlantiruvchi dori vositalarini ushbu ichimlik bilan ichish jigarga ziyon. Yaxshisi, dori preparatlarini qaynatilgan suv bilan iching.

Farmatsevtika fanlari nomzodi,
dotsent Muattar Xo‘jayeva

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech