O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Hozirgi sharoitlarda pulsoksimetr nima uchun kerak?

Keyingi vaqtlarda shifokorlar aholiga pulsoksimetr degan uskunadan foydalanishni tavsiya etishayapti. Og‘ir epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib bugun sizlarga shu asbob to‘g‘risida maʼlumot berishga qaror qildim.

Pulsoksimetrning asosiy vazifasi qonning kislorod bilan to‘yinish darajasini aniqlab berishdan iborat. Oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsam, pulsoksimetr hujayralarning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi (saturatsiya)ni ko‘rsatib beradi. Mazkur raqam foizlarda ifodalanadi va bu ko‘rsatgich qancha yuqori bo‘lsa shuncha yaxshi. Shifokorlar tavsiya qilayotgan norma 95-98 foizni tashkil etadi.

Yana bir muhim jihati, pnevmoniya va koronovirus bilan kasallangan bemorlarda saturatsiya darajasining pasayishi kuzatilar ekan. Shuning uchun ham mutaxassislar mazkur ko‘rsatgich 93 foizdan past bo‘lgan taqdirda darhol shifoxonaga yotishni va kislorod maskasiga ulanishni tavsiya qilishayapti.

Bir haftadan beri o‘zimda yurak urish tezligi (puls)ni va saturatsiya darajasini o‘lchab turibman. Ko‘z tegmasin, hammasi yaxshi. Puls minutiga o‘rtacha 60 dan past, saturatsiya esa – 97 foiz atrofida. Sizlarga ham mazkur uskuna orqali sog‘ligingizni nazoratda ushlashni tavsiya qilaman.

Pulsoksimetrni tibbiyot uskunalari sotiladigan do‘konlardan xarid qilishingiz mumkin. Juda foydali uskuna, ayniqsa hozirgi sharoitlarda.

Darvoqe, agar pulsoksimetr topishning iloji bo‘lmasa, yana bir variant bor. Samsung Galaxy S turkumidagi cmartfonlarda Samsung Health funksiyasi orqali ham puls, saturatsiya va stressga moyillik darajasini bilib olishingiz mumkin. Sog‘ bo‘linglar.

N. Kamalova maʼlumotlar asosida tayyorladi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech