O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Immunitetni ko‘taruvchi dorilar qanchalik samarali?

Salkam bir yildan buyon dunyo koronavirusga qarshi kurashmoqda. Afsuski, g‘alaba hali qo‘lga kiritilmadi. To‘g‘ri, vaksinalar ishlab chiqarila boshlandi, hademay insoniyat tafakkuri koronavirusni yengish usulini ham topar balki. Biroq ungacha yana qancha qurbonlar beriladi, bunisi nomaʼlum. Endi har kim o‘zi uchun o‘zi masʼ­ul ekanini anglay boshladi. Kasallikdan o‘zini himoyalashga kirishdi. Kimdir ov­qatlanish ratsioniga o‘zgartirish kiritgan, kimdir immunitet ko‘taruvchi dorilar isteʼmoliga eʼtibor qaratgan, yana boshqasi jismoniy faollikni oshirgan...

Vitaminga boy mahsulotlarni isteʼmol qilish, jismonan faol bo‘lishning organizmga foydasi nihoyatda katta ekanini bilamiz. Biroq immunitetni oshiruvchi dorilarni muntazam qabul qilish nechog‘li o‘rinli? Aslida bunday vositalar tojdor virusdan hi­moyalanishda samara beradimi? Ularning ko‘p isteʼmoli salomat­likka ziyon yetkazmaydimi? Shu kabi savollar bilan O‘zbekiston Fan­lar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti ilmiy xodimi Sherzod MUXTOROVga mu­rojaat qildik.

Immunitet nima?

— Immunitet organizmning bakteriya va viruslar, zamburug‘lar­dan himoyalanishi, ularga qarshilik ko‘rsatishidir. U uch xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi:

Filogenetik immunitet – nasdan-naslga o‘tadigan nomax­sus himoya omillari. Bu omillar patogen agentlar bilan birinchi bo‘lib aloqa qiladi. Natijada odam organizmining ko‘pgina yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchilarga chidamli­ligi taʼminlanadi.

Tug‘ma immunitet – bir biolo­gik turning maʼlum bir patogen agentga nisbatan chidamligi bo‘lib, u ham nasldan-naslga o‘tadi. Ma­salan, it, qoramol, tovuqlarning o‘lat kasalligi qo‘zg‘atuvchilari odamlarga yuqmaydi, o‘z navbatida, odamlardagi zaxm, qizamiq, virus­li gepatit, OITS qo‘zg‘atuvchilari hayvonlarda kasallik qo‘zg‘atmaydi.

Orttirilgan immunitet – hayot davomida organizm immun tizimi­ning yot antigenlar bilan taʼsir­lashuvi hisobiga yuzaga keladigan himoya bo‘lib, nasldan-naslga o‘tmaydi. Orttirilgan immunitet tabiiy va sunʼiy bo‘ladi. Tabiiy faol immunitet yuqumli kasal­likdan sog‘aygandan so‘ng yuzaga keladi. Sunʼiy immunitet vak­sinalar bilan emlaganda, zardob, qon, immunoglobulin va plazmalar yuborilgandan so‘ng hosil bo‘ladi. Muayyan to‘qima va aʼzoda maʼlum bir omilga qarshi rivojlangan himoya esa mahalliy immunitet deb ataladi. Bu himoya sirtqi immun tizim aʼzolarining faolligi hisobiga yuzaga keladi.

Dori vositalari immunitetni mustahkamlaydimi?

Immunitetni ko‘tarishga mo‘l­jallangan dori vositalari, yaʼni immunomodulyatorlardan bilib- bilmay foydalanish kerak emas. Boisi bunday dorilarga doim ham ishonch yo‘q. Afsuski, bugun ularning reklamasi nihoyatda ko‘p. Odamlar ishonuvchan, dorilar­dan isteʼmol qilishadi. Aslida, immunomodulyatorlar – immunitet tizimiga taʼsir qiluvchi yoki uning faoliyatida ishtirok etadigan biologik faol moddalardir. Ular patogenlarga bevosita taʼsir qil­maydi, ammo hujayralarning im­munitetini o‘zgartirishi mumkin.

Immunomodulyatorlarga “Kago­sel”, “Polioksidoniy”, “Bron­xo-munal”, “Galavit”, “Derinat”, “Sikloferon”, “Exinatseya”ni misol keltirish mumkin. Bu prepa­ratlarning hech biri inson immu­nitetini kuchaytirib qo‘ymaydi. Virusga qarshi immunitet ham shakllantirmaydi. Shu bois vosi­talardan foydalanayotganda immu­nolog shifokorga murojaat qiling. Boisi kishi immun tizimining holatini baholash uchun amalga oshiriladigan kompleks tahlil immunogramma tekshiruvlarini o‘tkazmasdan turib, immunomo­dulyator dori vositalarini qabul qilish tavsiya etilmaydi.

Immunitetni nima kuchaytiradi?

Immunitetni mustahkamlash uchun tabiiy tarkibida ko‘plab vitaminlar saqlaydigan vosi­talardan foydalangan maʼqul. Masalan, ho‘l mevalar, sabzavotli salatlar, suyuqliklar, damlamalar­ni ko‘proq isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Ayniqsa, anor, olma, limon, qatiq, piyoz, sarimsoq piyoz, asal, qovoq, burukli karami, qora sedanani muntazam tanavvul qilish koni foyda. Bundan tashqari, ko‘k choy, chereda (ittikanak), moychechak, zanjabil, quritilgan yerba mate barglari, qizil miya ildizi damla­malari immunitetni ko‘tarishda qo‘l keladi.

Immun tizim — organizmdagi eng nozik jarayondir. Immunitet har qanday holatda, dori-darmon qabul qilsak ham, qilmasak ham kasalliklar bilan kurashavera­di. Faqatgina dori-darmonlarni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Organizmning immun jarayonini buzmaslik lozim. Immun tizimga o‘zboshimchalik bilan tartibsiz aralashib bo‘lmaydi. Chunki immu­nomodulyatorlarni noo‘rin qabul qilish organizmda baʼzi autoim­mun kasalliklarni vujudga kelti­rishi mumkin.

“Mahalla” muxbiri

Sadoqat MAXSUMOVA yozib oldi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech