O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Innovatsion rivojlanish vazirligida Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

BMT qaroriga ko‘ra, 2016 yildan boshlab har yili 11 fevral "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ayollarning ilm-fandagi salohiyatiga eʼtibor qaratish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Taʼkidlash joiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2020 yildan buyon ayollar uchun alohida tanlov – "Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilib kelinmoqda.

Joriy yilning 11-fevral sanasida vazirlikda bo‘lib o‘tgan “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan tadbirda yuqoridagi tanlovda g‘olib bo‘lgan bir guruh olima ayollar ishtirok etishdi.

G‘oliblar safida eʼtirof etilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika instituti xodimi, farmatsevtika fanlari nomzodi, dotsent Yayra Nazirova o‘z loyihasini amalga oshirish uchun maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.

Yayra Nazirovaning taʼkidlashicha, FZ-202007215 – «Catharantus roseus o‘simligi xom ashyosi asosida saratonga qarshi dori vositalarining sanoat texnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyihasi mahalliy sharoitda introduksiya qilingan Catharantus roseus - pushti bo‘rigul dorivor o‘simligi tarkibidagi alkaloidlar summasi asosida, saraton kasalliklariga qarshi samarali substansiya va tindirmaning sanoat texnologiyasini ishlab chiqish hisobiga amaldagi xorijiy onkovositalarini mahalliylashtirishga qaratilgan.

Bunda olinadigan ilmiy natijalar farmatsevtika tarmog‘ida import mahsulotlar hajmini qisqartirish va valyuta mablag‘larini tejash muammolarini hal qilinishiga xizmat qiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech