O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

«Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha brifing o‘tkazildi

Joriy yilning 7 iyul sanasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi brifingi bo‘lib o‘tdi.

Brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi” doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tgan davr oralig‘ida quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Hususan 85.5-bandida belgilangan “Respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilish” vazifasi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi “Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish hamda ularning xalqaro standartlar talablariga muvofiq o‘tkazilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 181-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida davlat muassasasi shaklidagi Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazini tashkil etish belgilandi.

Markazga tibbiy, klinik va laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash uchun Koreya Eksimbanki jamg‘armasi kreditlari yo‘naltiriladi. Loyihaning qiymati 125 mln. doll. (EDCF fondi – 105 mln. doll, O‘zbekiston tomonidan – 20 mln. doll.) miqdorni tashkil etadi. Markazni ishga tushirilishi natijasida 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Markaz quyidagi vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi:

➖ dori vositalarining klinik tadqiqotlarini xalqaro etik va ilmiy standartlar talablariga muvofiq tashkil etishni joriy etish;
➖ respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilishni muvofiqlashtirish;
➖ «Zarur klinika amaliyoti (GCP)» talablariga muvofiq dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazishni tashkil etish;
➖ jenerik dori vositalarining original dori vositalariga farmakologik bioekvivalentligini aniqlash;
➖ klinik tadqiqot subyektida dori vositalarining farmakokinetik tadqiqotlarini o‘tkazish;
➖ tibbiyot xodimlarining klinik tadqiqotlar o‘tkazish sohasida malakasini oshirish;
➖ «Zarur klinika amaliyoti (GCP)» yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Taʼkidlab o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 21 yanvardagi PF-55-son Farmoni bilan dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov bekor qilingan.

«Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida tashkil etilayotgan Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazida ko‘ngilli bemorlarda yangi turda yaratilgan yangi avlod dori vositalarining klinik tadqiqotlari amalga oshiriladi.  

Respublikamizda bugungi kunda 89 ta klinik tadqiqot bazalari faoliyat yuritib kelmoqda. Qarorga binoan mazkur klinik tadqiqot bazalari 2026 yilga qadar bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech