O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Ishonch” gazetasining “Bir manzilda 24 dorixona... ammo izlaganni topish dushvor” sarlavhali maqolasi yuzasidan rasmiy munosabat

Joriy yilning 11 iyun kuni Sirdaryo viloyatidagi “Ishonch” gazetasining 61-sonida “Bir manzilda 24 dorixona... ammo izlanganini topish dushvor” mavzusidagi maqola chop etilgan edi. Unga ko‘ra, Guliston shahrining Bunyodkor (sobiq N.Zokirov) ko‘chasida 24 ta dorixona ketma-ket joylashgani, ammo ularda baʼzida oddiy izlangan dori ham topilmasligi, dorixonalar mahsulot xilma-xilligiga ham eʼtibor qaratishi lozimligi yozilgan va  bu masalaga masʼullarning fikri so‘ralgan.

Joriy yil 18 iyun holatiga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan Bunyodkor (sobiq N.Zokirov) ko‘chasida dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi 26 ta tadbirkorlik subyektlari tegishli litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda.

Mazkur hudud sobiq Markaziy dehqon bozoriga tutash ko‘cha bo‘lganligi, hamda fuqarolar gavjumligi sababli, ushbu ko‘chada dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashkil qilingan dorixonalar Guliston shahrining boshqa hududlariga nisbatan birmuncha zich joylashgan. Bugungi kunda, Markaziy dehqon bozori boshqa hududga ko‘chirilganligi, shuningdek Respublikamizda koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida karantin choralari qo‘llanilganligi sababli Bunyodkor (sobiq N.Zokirov) ko‘chasida vaqtinchalik transport vositalari va fuqarolar harakati cheklangan.

 

Karantin davrida 60-70% dorixonalar faoliyat yuritmaganligi va qolganlarining faoliyati vaqtincha susayishi sababli dori vositalari savdosi hajmining pasayishi kuzatilgan. Dori vositalari va tibbiy buyumlar alohida saqlash sharoitlarini talab qiladigan mahsulotlar sirasiga kirishini eʼtiborga olgan holda, shuningdek savdo hajmining kamayishi natijasida dorixonalardagi dori vositalari  assortimenti sezilarli darajada kamayishiga olib kelgan.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyati, xususan Guliston shahri “Yashil” hudud deb eʼtirof etilganligi sababli ushbu ko‘chada fuqarolar va transport qatnovi asta-sekin tiklanmoqda, natijada dorixonalar faoliyati ham tiklanib, dori vositalari va tibbiy buyumlar assortimenti kengaymoqda.

Shuningdek, maqolada keltirib o‘tilgan o‘lchov vositalari bo‘lgan qon bosimi o‘lchash vositasi - tonometr, tana haroratini o‘lchovchi - termometr, hamda “varikoz” kasalligida foydalanish uchun mo‘ljallangan bog‘lamalar, dorixonalarda bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati (ro‘yxat raqami 2846-son 06.12.2016)da nazarda tutilmagan.

Ammo aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash holatini yaxshilash, aholi tomonidan bildirilayotgan o‘rinli eʼtirozlarni kelib chiqish sabablarini bartaraf etish maqsadida Sirdaryo viloyati Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi tomonidan Guliston shahar, Bunyodkor (sobiq N.Zokirov) ko‘chasida joylashgan hamda hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan dorixonalar rahbarlari bilan joyiga chiqqan holda suhbatlar o‘tkazildi va eʼtirozlarning kelib chiqish sabablari muhokama qilinib, tegishli tushuntirishlar berildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech