O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi dori vositalari reklamasidagi ba’zi kamchiliklarni ma’lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun va Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi Nizomda (ro‘yxat raqami 1024, 2001 yil 6 aprel) dori vositalari reklamasiga qo‘yilgan bir qator talablar belgilangan. Xususan, faqat shifokorning ko‘rsatmasi (retsepti) bo‘yicha beriladigan dori vositalari hamda tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari bo‘lgan dori vositalarini reklama qilish taqiqlanadi.

O‘z navbatida, retsept bilan beriladigan dori-darmon vositalarining reklamasi faqat dori-darmon vositalarini tayinlash va tarqatish huquqi bo‘lgan mutaxassislar tomonidan farmatsevtika sohasiga oid maʼlumot-axborot markazlari yordamida, ixtisoslashgan maxsus nashrlarda, konferensiya, simpiozum, ko‘rgazmalarda amalga oshiriladi. Shuningdek, alohida retsept bilan beriladigan dori vositalarini ko‘p uchraydigan buyumlar (soatlar, kalendarlar, soyabonlar, breloklar, kuldonlar, sovg‘alar, kanselyariya mahsulotlari, idishlar, belgilar)da joylashtirish tavsiya etilmaydi.

Ommaviy axborot vositalarida faqat retseptsiz beriladigan dori-darmon vositalarini reklama qilishga ruxsat etiladi, shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalari reklamasi tushunarli tilda bayon qilinishi, dori vositasining to‘liq nomi (shu jumladan, xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi hamda dori vositasidan foydalanish haqidagi axborot va uni qo‘llash uchun asosiy ko‘rsatmalardan iborat bo‘lishi lozim.

Retseptsiz beriladigan dori-darmon vositalari reklamasida:

a) dori-darmon vositasini noyob, eng samarali, qo‘shimcha taʼsirlarning mavjud emasligi jihatidan eng xavfsiz vosita sifatida ifodalamaslik;
b) dori-darmon vositasining tarkibi, ishlab chiqarilishi, yangiligi yoki patentlanganligi xususida yanglish tasavvur bermaslik;
v) ishlab chiqaruvchi korxonalarning obro‘siga, isteʼmolchilarning dorilar taʼsiriga bo‘lgan ishonchini yo‘qqa chiqarmaslik;
g) o‘zlarining mashhurligi tufayli dori-darmon vositalarini qo‘llashni rag‘batlantirishi mumkin bo‘lgan olimlar, sog‘liqni saqlash xodimlari, shuningdek, davlat xizmatchilari yoki boshqa shaxslarning tavsiyalarini dalil qilib keltirmaslik;
d) faqat yoki ko‘proq bolalar uchun mo‘ljallanganligi to‘g‘risida materialga ega bo‘lmaslik;
ye) mazkur dori-darmon vositasining xavfsizligi va samarasi uning tabiiy kelib chiqishi bilan bog‘liq ekanligini daʼvo qilmaslik;
j) dori-darmon vositasi biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmasi, kosmetik mahsulot yoki gigiyena vositasi bo‘lib hisoblanadi deb tasdiqlamaslik;
z) reklamaning taʼsirini kuchaytirish maqsadida boshqa dori-darmon vositalari bilan mubolag‘ali taqqoslashga yo‘l qo‘ymaslik;
i) tibbiy maslahatlar yoki jarrohlik operatsiyalari keraksiz degan tasavvurini hosil qilmaslik;
k) mazkur dori-darmon vositasining taʼsiri kafolatlanganligi to‘g‘risidagi fikrni tasdiqlamaslik;
l) dori-darmon vositasini qo‘llamaslikdan kishining sog‘lig‘i yomonlashuvini ongga singdirmaslik kerak.

Dori vositalari reklamasi quyidagi maʼlumotlarni qamrab oladi:

a) dori vositasining to‘liq (jumladan, xalqaro-patentlanmagan) atalishi;
b) faol moddalar nomlari:
v) dozirovkada (ishlab chiqarilish shakli) faol moddalar tarkibi;
g) qo‘llanilishga tasdiqlangan alomatlar;
d) asosiy istalmagan reaksiyalar va salbiy taʼsirlari;
ye) salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi yuzasidan maʼlumotlar, mazkur dorini qo‘llashda ehtiyotorlik talab etiladigan holatlar bo‘yicha ogohlantirish;
j) boshqa dori vositalari bilan o‘zaro taʼsiri;
z) ishlab chiqaruvchining nomi;
i) tegishli ilmiy manbalarga havola;
k) mazkur reklama isteʼmolchilari faqat tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari ekanligi haqida maʼlumot;
l) qo‘shimcha maʼlumot olish imkoniyati va manbasi haqida havola.

Taʼkidlash joizki, dori vositalari, davolash usullari, umuman, inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgan reklamalar isteʼmolchilarda shifokorga uchrash shart emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim. Agentlik  tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda “ARPEFLYU – shansi virusov ravni nulyu”, “Kanefron N – Sistitni tez davolaydi”, “Suprastin – moщniy udar po allergii”, “Tatum verde – davolash uchun samarali va yuqori xavfsizlik tarkibiga ega dori vositasi”, “Genferon layt – viruslarga qarshi ishonchli vosita, mutaxassislar tomonidan tavsiya etiladi, xar bir uyda bo‘lishi shart. doljen bit v kajdoy semye”, “Komfort davolash”, “Ishonchli samara”, ”Samarasi isbotlangan”, “Eng maʼqul tanlov”, mazmunidagi reklamalar joylashtirilganligi aniqlandi.

Shuningdek, “Viferon – samarali vosita”, “Anvi Maks – afsonaviy kuch”, “Kagotsel  – provereno opitnim putem”, “Bisorol – nadejniye lekarstvenniye preparati”, “Opeferr – “Nadejnost – nesomnennoye  preimuщyestvo terapii”  preparatlari va boshqa dori vositalari reklamasida “100 foiz bemorlardagi shamollashga yordam beradi”, “Yuqori samara” va “Maqbul narx, sifatli, foydali”, kabi so‘zlar mavjud bo‘lib, ular qonunchilik talablariga muvofik emas.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga asosan, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va reklamani tarqatuvchi belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi. Shu bilan birga, amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq, reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi reklama materiallarini oxirgi marta reklama eʼlon qilingan (ko‘rsatilgan) kundan boshlab bir yil davomida saqlashi shart.

Bundan tashqari, ayrim holatlarda dori-darmon vositalari reklamalarida “№ 1”, “Eng yaxshi”, “Faqat”, “Haqiqiy”, “Faqat bizda”, “Eng aniq”, “Ekologik toza”, “100 foiz kafolat”, “Jahon andozalariga to‘liq mos”, “Hamma talablarga to‘liq javob beradi”, “Juda sifatli“, “Samarasi isbotlangan”, “100 foiz natija”, “Ishonchli davo”, “Aks taʼsirlari yo‘q”, “Maqbul tanlov”, “Barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan”, “Eng oxirgisi”, “Har jihatdan davo”, “Maqbul qaror”, “Dunyoda yetakchi”, “Eng ishonchli”, “Eng oxirgi avlod preparati”, “O‘xshashi yo‘q”, “Aks taʼsiri juda kam”, “Og‘riqni unutasiz”, “Butun oila uchun”, “Noyob tarkib” kabi so‘zlardan foydalaniladi. Vaholangki, bunday jumlalar reklama qilinayotgan mahsulotni bo‘rttirib, reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan reklama hisoblanadi.

O‘z navbatida, yuqorida taʼkidlab o‘tilgan dori-vositalari reklamasiga doir talablarni bajarmaslik – reklamaga doir talablarni buzilishi va noto‘g‘ri reklama berganlik sifatida, reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni tegishli javobgarlikka tortilishiga olib kelishi mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Manba

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech