O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Jenerik (analog) dori vositasi nima? Bu dori vositalari qanday sinovlardan o‘tkaziladi va uni ishlab chiqishdagi talablar nimalardan iborat?

Generic drug, yaʼni jenerik - original dori tarkibidagi taʼsir qiluvchi asosiy faol moddalar miqdori va sifatiga ega bo‘lgan dori vositasidir.

Jenerikka qo‘yiladigan asosiy talab - uning samaradorligi.

Biror bir yangi dori vositasi ishlab chiqilganidan so‘ng, kompaniya ushbu dori faol moddasining original molekulasi uchun patent oladi. Keyingi 20 yil davomida kompaniya ushbu dori vositasini ishlab chiqarish va sotish uchun alohida huquqqa egalik qiladi. Shu vaqt o‘tganidan so‘nggina boshqa farmatsevtika kompaniyalari ushbu dori vositasining jenerigini ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladilar.

Masalan, Rossiyada ishlab chiqarilgan original dori vositasi - Arbidol. 2007 yilda ushbu doriga patent muddati tugagan. Shu tufayli, tez orada uning jeneriklari paydo bo‘ldi - Arpetol (Belarus) va Immunostat.

Jeneriklar ham qatʼiy sifat va samaradorlik talablariga bo‘ysunadi. Ayni faol moddadan foydalanilganiga qaramay, dorilar taʼsiri farq qilishi mumkin. Bu bir necha omillarga bog‘liq:

➖ yordamchi moddalar tarkibi - ular har qanday dorini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi, ularning yordamida doriga tabletka, kapsula yoki malham shakli beriladi, yoki tez eruvchanligi, uzoq muddatli taʼsiri taʼminlanadi;
➖ xom ashyo sifati - har qanday farmakologik moddada maʼlum miqdordagi aralashmalar mavjud bo‘lib, tayyor dori taʼsiri ularning miqdoriga bog‘liq.

Original dorilar analoglari ko‘plab sinovlardan o‘tkaziladi. Jenerik ishlab chiqaradigan farmatsevtika kompaniyasi uning taʼsiri original dori vositasi bilan teng ekanligini isbotlashi talab etiladi.

Tadqiqotlarda:

▪️ dori vositasining qanchalik tez so‘rilishi,
▪️ qondagi maksimal konsentratsiyasi
▪️ va u qanchalik tez hazm bo‘lishiga eʼtibor beriladi.

Qonga singib ketmaydigan dori vositalariga nisbatan soddaroq talablar belgilangan. Ushbu guruhga teriga surtiladigan malhamlar, ko‘z tomchilari kiradi. Bunday holda, farmatsevtika kompaniyasi tomonidan preparat tarkibining asl nusxaga mos kelishini isbotlash kifoya.

Manba

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech