O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Joriy yilning 10-17 yanvar kunlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Singapur davlatida tashrif bilan bo‘ldi.

Tashrif avvalida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov dori vositalarini klinik va klinikoldi tashxislarini amalga oshirishda, sifati, xavfsizligi, farmakologik xususiyatlarini aniqlashda, dori vositalari ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘nalishida yuqori tajribaga ega bo‘lgan yirik kompaniya - “AESCULAPE CRO” klinik tadqiqotlar ilmiy instituti rahbari Jan Pol Deslipere bilan uchrashdi. Olib borilgan muzokaralar natijasi o‘laroq “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida xalqaro GLP standartlariga asoslangan klinik tadqiqotlar o‘tkazish qo‘shma markazini tashkil qilish bo‘yicha qiymati 5 mln. AQSH dollariga teng investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha Kelishuv bitimi imzolandi.

Hozirgi kunda 9 davlatda o‘z faoliyatini olib boruvchi “AESCULAPE CRO” ilmiy instituti hamda agentlik xuzuridagi Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil qilinuvchi mazkur markaz O‘zbekistonda dori vositalarining klinikoldi va klinik tadqiqotlarini o‘tkazish, ushbu yo‘nalishda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish yo‘nalishlarida faoliyatini amalga oshirishi, shu bilan birga “Zarur laboratoriya amaliyoti” (GLP) xalqaro standartini joriy etish sohasida ekspertlarni tayyorlashi kutilmoqda.

Tashrif davomida, shuningdek, Singapur davlatiga sifatli dori vositalarini yetkazish zanjiriga ega bo‘lgan “Alliance Pharm” yirik distribyutorlik markazi vakillari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. AQSH, Yaponiya, Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya, Avstraliya kabi davlatlar bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, GDP sertifikatiga ega bo‘lgan mazkur kompaniya bilan sifatli va dolzarb dori vositalarini O‘zbekistonga jahon standartlariga mos tarzda yetkazib berish zanjirini tashkil qilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi yirik qurilish korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi, infratuzilma va sanoat korxonalarini qurishga sarmoya kiritish bilan shug‘ullanuvchi “CPG International” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashildi. Xitoy, Malayziya, BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni kabi 30 ta davlatda investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi “CPG International” kompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Singapur” investitsiya kompaniyasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Mazkur kompaniya bilan onkologik kasalliklarga, markaziy asab tizimining buzilishlariga va boshqalarga qarshi kurashish uchun Ildiz hujayralari asosida dori vositalari ishlab chiqaruvchi biofarmatsevtika kompleksini tashkil etish loyihasini ishlab chiqishga qaror qilindi. Hamda qiymati 100 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu loyihani xorijiy investorlarni jalb qilgan holda “Tashkent Pharma Park” klasteri hududida amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rildi.

Loyihaning amaliyotga joriy etilishi onkologik kasalliklarni davolash, ko‘mik to‘qimalari transplantologiyasi, markaziy asab tizimi hujayralarini tiklashda qo‘llaniladigan ildiz hujayralarini ishlab chiqarish imkonini yaratadi.

Singapur davlatida olib borilgan muzokaralar natijasi o‘laroq nufuzli Osiyo muhandislik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Meinhardt Group” bilan hamkorlikda Loyihalashtirish va injiniring markazi tashkil etiladigan bo‘ldi. Mazkur markaz bilan qiymati 49 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan Immunobiologik preparatlar ishlab chiqaruvchi farmatsevtika korxonasini tashkil etish loyihasini ishlab chiqish hamda bu loyihani xorijiy investorlarni jalb qilgan holda “Tashkent Pharma Park” klasteri hududida amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rildi.

Loyihaning amaliyotga joriy etilishi natijasida import o‘rnini bosuvchi vaksinalar, anatoksin, fag, probiotik va eubiotiklar, immunoglobulin va boshqa immunobiologik preparatlar ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Tashrif chog‘i, shuningdek, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ko‘plab sohalardagi korxonalarga mintaqaviy va xalqaro biznesni boshlash, rivojlantirishda ko‘maklashuvchi, marketing xizmatlarini ko‘rsatuvchi “S.E.A. Business Centre Pte Ltd” kompaniyasi bosh investitsion direktori Rudi Fang bilan  uchrashuv o‘tkazildi. Kompaniya O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarga hamda Farmatsevtika Texnik universiteti bilan malakali mutaxassislar tayyorlash borasida hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdi.

Kompaniya bilan Agentlik hamda Singapur hamda uning qo‘shni davlatlaridagi yetakchi farmatsevtika korxonalari bilan yaqindan aloqa o‘rnatishda, ular bilan muzokaralar tashkil etishda amaliy yordam berish yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib olindi hamda Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tashrif davomida Agentlik delegatsiyasi vakillari “O‘zbekiston-Singapur biznes forumi”da ham ishtirok etdi. Forumda Agentlik direktorining birinchi o‘ribosari Ulug‘bek Egamov tomonidan “O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida taqdimot namoyish qilindi. Hamda xorijiy kompaniyalar vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech