O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

JSST COVID-19‘dan himoyalash uchun bolalarga necha yoshdan tibbiy niqob taqish tavsiya qilinishi haqida maʼlumot berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlari COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoyalanish uchun bolalar 12 yoshdan boshlab xuddi kattalar kabi tibbiy niqob taqishi zarurligini maʼlum qildi. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Mazkur tavsiya JSST hamda BMT qoshidagi YUNISEF tashkilotining qo‘shma hujjatida keltirib o‘tilgan. Tashkilot mutaxassislarining fikricha, 12 yosh va undan katta bolalar tibbiy niqob taqishi, ijtimoiy masofalanishga rioya etishi juda muhim.

Tadqiqotlar yuqori sinf o‘quvchilari bo‘lgan bolalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga nisbatan yangi turdagi koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishida faol ishtirok etishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Shuningdek, ekspertlar 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash meʼyorlariga amal qilish kasallik tarqalgan hududdagi vaziyatga qarab tavsiya qilinishini taʼkidlagan. Hududdagi kasallanishlar soni, bu boradagi vaziyat, tibbiy niqob bilan taʼminlanganlik darajasi, bolalarning keksa yoshdagi kishilar bilan muloqot qilishining ehtimoli shular jumlasidan.

JSST hamda YUNISEF besh yoshdan kichik bolalardan tibbiy niqob taqishini talab qilmaslik kerakligini qayd etgan.

13 iyulda JSST favqulodda kasalliklar texnik guruhining bo‘linma rahbari Mariya Van Kerkxove 10 yosh va undan kichik bolalarda COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni juda kamligi va ularda kasallik nisbatan yengil kechishini aytgan.

30 iyulda JSST rahbari Tedros Gebreyesus dunyoning qator davlatlarida koronavirus bilan kasallanish holatlarining keskin oshishiga zaruriy himoya choralariga rioya qilmayotgan yoshlarning beparvoligi sabab bo‘layotgani haqida gapirgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech