O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan dorixonaga chora ko‘rildi

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan kelib tushgan maʼlumotga asosan Toshkent shahar, Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi, 10-B-uy 13-xonadon manzilida joylashgan “Nurjahon-farm-plus” MCHJga qarashli dorixonada konunga xilof ravishda dori vositalari sotilayotganligi yuzasidan Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan va tadbir natijasiga ko‘ra “Zardeks” 459 dona, “Regapen” 37 dona va “Tropikamid” 27 dona dori vositalari borligi aniqlanib, holislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Maʼlumot uchun, ushbu dori vositalariga respublika sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi aniqlangan. Shu bois, mazkur dori vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish, foydlanish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taʼqiqlangan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasining “Nurjahon-farm-plus” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2021 yil 19 martda berilgan TN 302-raqamli litsenziyani bekor qilish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va “Nurjahon-farm-plus” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib o‘tishimiz joiz, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvardagi "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunining 23-moddasiga ko‘ra, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini realizatsiya qilish maqsadida saqlash, tashish taʼqiqlanishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi 818-sonli qarori bilan tasdiqlangan kuchli taʼsir kiluvchi dori vositalari ro‘yxatiga kirgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi barcha tadbirkorlardan dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiisteʼmol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga hilof ravishda saqlash va realizatsiya qilmaslikka chaqirib, aholining sog‘ligini saqlashni taʼminlash hamda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda birga harakat qilish kerakligini taʼkidlaydi!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech