O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qonunga xilof ravishda saqlayotgan dorixonalar aniqlandi

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining yurtimizda noqonuniy aylanmasiga qarshi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda tizimli ravishda kurash olib bormoqda.

Xususan, Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi va Huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida Toshkent shahar Yashnabod tumanida joylashgan "Shafran Pharm" MCHJga tegishli dorixona holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 8 dona “Regapen”, 100 dona “Zardeks” nomli dori vositalari noqonuniy tarzda saqlanayotganligi aniqlandi.

Shuningdek davom ettirilgan keyingi tezkor tadbirlar davomida:
▪️ Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan “FARMA CLUB” MCHJga qarashli dorixonada  68 dona “Zardeks” va 2 dona “Tropikamid”;
▪️ Yunusobod tumanida joylashgan “YEVRA OSIO MED” MCHJga tegishli dorixonada 398 dona “Zardeks”, 41 dona “Regapen”;
▪️ Chilonzor tumanida joylashgan “FAYZ PHARM” MCHJga tegishli dorixonada 21 dona “Zardeks”;
▪️ Ushbu tumandagi yana ikki dorixonada, jumladan “EVRO LAYF” MCHJga qarashli dorixonada 72 dona “Regapen”, 3 dona “Selofen”, 76 dona “Zardeks” va 9 dona “Tropikamid” shuningdek “SHOH LYUKS PHARM” MCHJga qarashli dorixonada 900 dona “Zardeks” nomli tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalari qonunga hilof ravishda saqlanayotganligi aniqlandi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmokda.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi 4438-son qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, Tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchilikda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bundan tashqari "Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida"gi nizomning (ro‘yxat raqami 284-son 12.05.2017) 49-bandiga asosan, muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi!

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi barcha tadbirkorlardan dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiisteʼmol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga hilof ravishda saqlash va realizatsiya qilmaslikka chaqirib, aholining sog‘lig‘ini saqlashni taʼminlash hamda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda birga harakat qilish kerakligini taʼkidlaydi!

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech