O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Kun.uz saytida eʼlon qilingan "Kislorod konsentratori va QQS: masala Farmatsevtika agentligiga borib taqalmoqda" nomli maqola yuzasidan RADDIYA

Kun.uz saytida eʼlon qilingan maqolada, muallif Dilshod Abduqodirov tomonidan kislorod konsentratorlari importiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz qo‘llash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ixtiyorida ekanligi va bu borada Agentlik bugungi kunda davlat gardaniga tushayotgan yukni biroz bo‘lsa-da kamaytirib, ko‘plab insonlarning bevaqt o‘limi oldini olishga erishish maqsadida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqligini aytib o‘tgan.

Shu bilan birga muallif o‘zi ham taʼkidlab o‘tganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2019 — 2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yana-da jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoni 3-bandiga ko‘ra import qilishda Soliq kodeksida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etilmaydigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxati Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi».

Demakki, muallif o‘zi ham tan olganidek, ushbu Farmonda  Agentlikka import qilishda Soliq kodeksida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etilmaydigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxatini shakllantirish vazifasi yuklatilgan.

Maqolada keltirilgan “kislorod konsentratori” esa tibbiy buyum hisoblanmasligi sababli Tibbiy buyumlar ro‘yxati (ro‘yxat raqami 2809-son 12.07.2016)ga kirmagan. Shu boisdan ham, “kislorod konsentratori” Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 fevraldagi “Tayyor dori vositalarining importini tartibga solish to‘g‘risida”gi 49-son qarorida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etilmaydigan tibbiyot buyumlari ro‘yxatida ham mavjud emas.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3756-son Qarorining 2-bandida, shunday tartib o‘rnatilganki, unga ko‘ra “soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (keyingi o‘rinlarda imtiyozlar deb yuritiladi) qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni taʼminlashi zarur;

imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlanadi;

bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar, imtiyozlar berish to‘g‘risida qonun yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati mavjud bo‘lgan taqdirdagina, imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi, shuningdek, ularning kompleks ekspertizasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» davlat unitar korxonasiga kiritiladi;”.

Eslatib o‘tamiz, Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashishda mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar taqchilligining oldini olish, shuningdek fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 iyuldagi 449-son Qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan muddatda, 84 turdagi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar shu jumladan kislorod konsentratorlar, puls oksimetrlari hamda 46 turdagi dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan (amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markazi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza 155 kun muddatda ko‘rib chiqilishi belgilangan) va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish (import qilinganda) va realizatsiya qilishiga ruxsat berilgan.

Muxtasar qilib aytganda, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xalqimiz salomatligi yo‘lida qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vakolati doirasida hamisha yordamga tayyor ekanligini bildiradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech