O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Kusherbayevga murojaat" telegram kanalida eʼlon kilingan murojaatga rasmiy munosabat

"Kusherbayevga murojaat" telegram kanalida eʼlon kilingan "Yana dori muammosi: 200 ming so‘mlik dori 850 ming so‘m sotilayapti" nomli murojaat yuzasidan rasmiy munosabat.

Joriy yilning 5 avgust sanasida telegramdagi "Kusherbayevga murojaat" kanalida quyidagi post eʼlon qilindi:

"Assalom alaykum! Rasul aka biz Miasteniya kasalligi bilan og‘riganmiz. Biz ichadigan dori oldinlari 200000 atrofida turardi. Hozir 850000 dan sotishyapti. Shunga ko‘pchilik qiynalishyapti kimga murojat kilsa bo‘ladi bu masalada".

Ushbu murojaat yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi PQ-2647-son Qarorining 1-bandiga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

(Maʼlumot o‘rnida, dorixona tomonidan turli distribyuterlardan va ishlab chiqaruvchilardan dori vositalari va tibbiy buyumlarning soni hamda miqdoriga qarab xar hil ulgurji narxlarda xarid qilinishi, ularning chakana sotuvdagi narxlari tafovutiga sabab bo‘lishi mumkin.)

Xo‘sh, yuqoridagilardan kelib chiqsak oddiy fuqaro dorixonada dori vositalarining narxlari asossiz oshirilganini qanday aniqlashi mumkin va bu masalada qaysi tashkilotga murojaat qilishi lozim?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son Qarori bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga ko‘ra, sotib oluvchining talabiga binoan dorixona xodimi dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlari va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishi lozim.

Agarda xaridor dorixonalar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibini buzilishi va asossiz ravishda narxlar oshirilganiga duch kelsa, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 ishonch telefoniga yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 71-233-1007 ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 martdagi PQ-4662-son qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar, eng zarur tovarlar narxlari ustidan kunlik monitoring o‘tkazishni taʼminlash hamda ularning narxlarini sunʼiy oshirish, sunʼiy tanqislik va yuqori talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatishi belgilangan.

Xurmatli yurtdoshlar! Davlat ro‘yxatidan o‘tgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning sifatsiz, belgilangan talablarga nomuvofiq ishlab chiqarilgan, nuqsonli holatlari yuzasidan eʼtirozingiz bo‘lsa Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining @uzpharmagency_bot aloqa botiga yoki (71) 2340604 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

Shu o‘rinda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiyasi bilan shug‘ullunuvchi tadbirkorlik subyektlarini dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda ularning narxini davlat tomonidan tartibga solishning belgilangan tartibiga rioya qilmasligi litsenziyaning amal qilishini tugatishga olib keladigan litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanishi haqida ogohlantiradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech