O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun maʼqullandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish masalalari 2 ta qonun, Oliy Majlisning 1 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 7 ta Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasinig 2 ta qarori hamda boshqa bir qator idoraviy hujjatlar bilan tartibga solinib kelinmoqda.

Xususan, 2000 yilda qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi “Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qarori shular jumlasidan.

Masalaga oid qonunchilik hujjatlarining ko‘pligi tadbirkorlik subyektlari va aholi uchun turli noqulayliklarni keltirib chiqarishi bilan birga korrupsiya holatlarining ham yuzaga kelishiga omil bo‘lishi mumkin.

Ushbu holatlar Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan 2019-yilda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yangi tahrirdagi qonun loyihasini kiritish tavsiya etilgan edi.

Shunga ko‘ra kiritilgan Qonun amaldagi ikkita qonun, Oliy Majlis Qarori va boshqa qonunchilik hujjatlarini birlashtirish orqali sohada zamon talabiga mos, sodda tizimni yaratmoqda.

Qonun bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tishning faqat elektron tarzda ishlaydigan maxsus - “Litsenziya” axborot tizimi orqali (shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) amalga oshirilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonun yuridik shaxslarning filiallari va vakolatxonalari uchun alohida litsenziya va ruxsatnoma olish talabini hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning elektron shaklda berilishi munosabati bilan litsenziya shartnomasini tuzish institutini bekor qilmoqda.

Qonun bilan ilk bor xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirishning tartibi va mexanizmlari joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga jarima solish tartibi ham belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida litsenziyalash va ruxsatnoma berish borasida byurokratik to‘siqlar va davlat organlari tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonun buzish holatlari bartaraf etilib, tadbirkorlarga qulayliklar yaratilishi hamda barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilib, ular shaffofligining taʼminlanishi kutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech