O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

8 сентябрь – Халқаро журналистлар бирдамлиги куни

Har yili 8 sentyabr kuni nishonlanadigan Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni (International Day of Journalists‘ Solidarity) 1958 yilda Buxarest shahrida Xalqaro jurnalistlar tashkilotining 4-kongressida taʼsis etilgan. Kongress deputatlari g‘oyasiga ko‘ra, shu kuni barcha mamlakatlar va nashrlarning jurnalistlari dunyoga o‘zlarining birdamligini namoyish etishlari kerak, ayniqsa, o‘z huquqlarini himoya qilishda.

Aytish joiz, ushbu sanani tanlashda fojeali voqealar sabab bo‘lgan. 1943 yil 8 sentyabrda Germaniyada chexoslovakiyalik jurnalist va fashizmga qarshi kurashuvchi yozuvchi Yulius Fuchik qatl etilgan. U yoshligidanoq siyosatga qiziqib, 1921 yilda Chexoslovakiya Kommunistik partiyasining asoschilaridan biriga aylanadi. 1941 yilda Fuchik Kommunistik partiyaning ikkinchi markaziy yashirin hukumatining aʼzosiga aylanadi. 1942 yil 24 aprelda u gestapo tomonidan ozodlik harakatining olti aʼzosi bilan birga hibsga olinadi.

Yulius Fuchik Praga qamoqxonasida yozgan “Bo‘yinda sirtmoq bilan yaratilgan reportaj” kitobi bilan butun dunyoga tanilgan. Uning vafotidan keyin kitob dunyoning 70 tiliga tarjima qilingan va 1958 yildan buyon Yulius Fuchikning vafot etgan kuni Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni sifatida nishonlab kelinadi.

XX-asrning oxirida BMTning navbatdagi anjumanida 8 sentyabr - Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni deb eʼlon qilindi. Bu kun nafaqat navbatdagi kasb bayrami, balki barcha jurnalistlar o‘zlarining birdamligini his qiladigan kundir.

Xalqaro jurnalistlar birdamligi kunida butun dunyoda barcha jurnalistlarni birlashtiradigan anjumanlar va kongresslar bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirlarda jurnalistlar o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar va mukofot oladilar.

Eslatib o‘tamiz, 2013 yilda BMT Bosh assambleyasi har yili 2 noyabrda nishonlanadigan Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni to‘xtatish xalqaro kunini ham taʼsis etgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech