O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) Farmakopeya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) Farmakopeya qo‘mitasining 43-son yig‘ilishi oflayn va onlayn tarzda o‘tkazildi.

Videokonferensiya ko‘rinishida tashkil etilgan anjumanda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Farmakopeya qo‘mitasiga aʼzo davlatlar – Armaniston, Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi vakillari bilan bir qatorda YEOIIga kuzatuvchi sifatida kiritilgan davlatlar Moldova va O‘zbekiston Respublikasining mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan quyidagi dolzarb masalalar muhokamasi o‘tkazildi:

1. YEOII Farmakopeyasi 1-jildi, 3- va 4-qismlarini tuzilishi haqida (bunda YEOII Farmakopeyasining Radiofarmatsevtik dori preparatlari (RFDP), Biologik dori vositalari (BDV), Dorivor o‘simlik vositalari (DO‘V) ixtisoslashgan ekspert guruhi rahbarlari so‘zga chiqishdi);

2. Qo‘llanma loyihasining 1-qismi. Kelib chiqishi kimyoviy hisoblangan farmatsevtikada foydalanish uchun substansiya (o‘zgarishlarni hisobga olgan holda) (hujjat loyihasini Qozog‘iston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan), 4-qismi. Biologik dori vositalarini (hujjat loyihasini Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan) ko‘rib chiqildi;
3. OFS 2.3.1.2. "Dori vositalari, farmatsevtik substansiyalar va yordamchi moddalarni ishlab chiqarish uchun mikrobiologik tozalikka qo‘yiladigan talablar" umumiy farmakopeya maqolasi yuzasidan YEOII Farmakopeyasiga kelib tushgan savollar ko‘rib chiqildi.
4. AQSH Farmakopeya Konvensiyasi va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi loyihasi to‘g‘risida muhokama bo‘ldi.

Yig‘ilishni YEOII Farmakopeya qo‘mitasining raisi, professor Tulegenova Ardak kirish so‘zi bilan ochar ekan, bugungi yig‘ilishning o‘ziga hosligini va kuzatuvchi sifatida O‘zbekiston Respublikasidan mutaxassislarni qatnashayotganini alohida urg‘u bilan taʼkidladi hamda 2021 yilning 28-iyun kuni YEOII Farmakopeya qo‘mitasining 42-son yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasiga kuzatuvchi maqomi berilganini eslatib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi bosh muharriri Habibulla Djalilov ham so‘zga chiqib, majlis qatnashchilariga  O‘zbekiston tomonidan ishtirok etayotgan mutaxassislarni tanishtirib, O‘zbekiston Respublikasi vakillarini YEOII Farmakopeya qo‘mitasi tarkibiga kuzatuvchi sifatida kiritilgani uchun yig‘ilish qatnashchilariga o‘z samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Shu bilan birga u mamnuniyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi 1-jildi, 1-nashri, 1- va 2-qismlarda (o‘zbek va rus tillarida) chop etilganligi to‘g‘risida, uning qonuniy asoslari, jamlanmani ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida tadbir ishtirokchilariga maʼlumot berdi.

Bosh muharrir Habibulla Djalilov O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va nashr etish ishlari Yevropa farmakopeyasi komissiyasi bilan O‘zbekiston tomoni o‘rtasida tuzilgan kelishuvga asosan asosiy manba sifatida Yevropa farmakopeyasining 8-10-nashrlari bilan, shuningdek bugungi kunda dunyo farmatsevtika amaliyotida keng qo‘llanib kelinayotgan Xalqaro farmakopeya, AQSH, buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Rossiya va boshqa 10 dan ortiq davlatlarning milliy farmakopeyalarini tahlil etish asosida so‘ngi, zamonaviy sifat standartlari talablari bilan uyg‘unlashgan holda ishlab chiqilganligiga eʼtibor qaratdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish 
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech