O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Muvofiqlik sertifikatisiz dori vositalarini sotgan dorixona faoliyatiga chek qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga daʼvogar tomonidan “Temur-Baraka-Pharm” MCHJga tegishli dorixona tomonidan noqonuniy dori vositalari savdosi amalga oshirayotganligi, yaʼni muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan “Mabtera” kons d/inf 500/50 ml fl №1 va “Sellespt” tab 500 mg №50 dori vositasi sotib kelayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.

Shu asosga ko‘ra, Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, mazkur dorixonada dori vositalarini saqlash va realizatsiya qilish holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida murojaatda ko‘rsatilgan “Mabtera” kons d/inf 500/50 ml fl №1 dori vositasi tegishli hujjatlarsiz dorixonada saqlanayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, tekshiruv davomida dorixona savdo zalidan sifati kafolatlanganligiga shubha uyg‘otgan dori vositalari “Temur-Baraka-Pharm” MCHJ rahbari bilan birgalikda sifat nazorati uchun o‘rtacha namunasi tanlab olingan.

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” DUKning tegishli xulosasiga asosan tanlab olingan 8 turdagi 11 xil seriyadagi dori vositalariga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi maʼlum bo‘lgan.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasining “Temur-Baraka-Pharm” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2021 yil 18 noyabrda berilgan TN № 1101-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va “Temur-Baraka-Pharm” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Maʼlumot uchun, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizom”ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan realizatsiya qilinishi, faoliyatni litsenziyada ko‘rsatilmagan manzilda amalga oshirilishi litsenziyaning amal qilishini tugatishga olib keladigan litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech