O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Muxbir Daliyev” va "Oltin voha" telegram kanalida bildirilgan fikrlar yuzasidan rasmiy munosabat

“O‘zfarmagentligi degan tashkilot bormi haliyam?  Dori-darmonlar ustida millat kurashib yotganda ular nima maishat bilan yurishibdi ekan? Farmatsevtikamiz qay ahvolda, nimalar bo‘layapti, siz nima qilayapsiz, bu tashkilot nega ishlayapti o‘zi, singari savollar bor ichimdaShu tashkilotdayam kimdir matbuot kotibi bo‘lib ishlasa kerak. Kimdir shu ishni do‘ndirayapman deb oylik olsa kerak betimni qattig‘i, jonimni huzuri deb. Lekin, zabon yo‘q, faollik yo‘q. Uyalmaysanmi, deydigon odam yo‘q”

“Muxbir Daliyev” telegram kanalida Andijon viloyati Asaka tumanidagi dori vositalarining narxi qimmatligidan qilingan murojaatga “Oltin voha” telegram kanalida yuqoridagi post orqali munosabat bildirilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Muxbir Daliyev” telegram kanalidagi murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2647-sonli qarorida, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalari zimmasiga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ular narxining davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son Qarori  bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga ko‘ra, sotib oluvchining talabiga binoan dorixona xodimi dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlari va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishi lozim.

Shuningdek, agarda, fuqarolar dorixonalar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlar narxini asossiz ravishda oshirilgan holatlarga duch kelsa, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 dekabrdagi PQ-4554-son qaroriga muvofiq, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib unga ko‘ra, dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun qayd etilgan cheklangan narxlar va ularga cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash yo‘li bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarning elektron (onlayn) reyestri yuritilmoqda.

Xorijiy dori vositalariga belgilangan cheklangan narxlar to‘g‘risidagi (2020 yil 29 sentyabr holatiga) maʼlumotlar bilan bu yerda tanishishingiz va yuklab olishingiz mumkin.

“Oltin voha” telegram kanalida Farmatsevtikamiz qay ahvolda, nimalar bo‘layapti, siz nima qilayapsiz, bu tashkilot nega ishlayapti o‘zi, singari savollar bor ichimda” - deb yozilgan gaplar bo‘yicha @vohamuxbirBOT ga murojaat qilib, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, unga yuklatilgan vazifalar va huquqlardan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot bermoqchi edik, "Panada yurmay, o‘zfarm shu kunlarda nima ish qilayotganini yozing" - deya javob berishdi.

 

“Shu tashkilotdayam kimdir matbuot kotibi bo‘lib ishlasa kerak. Kimdir shu ishni do‘ndirayapman deb oylik olsa kerak betimni qattig‘i, jonimni huzuri deb. Lekin, zabon yo‘q, faollik yo‘q. Uyalmaysanmi, deydigon odam yo‘q” kanaldagi bu fiklarga kelsak, maʼlumot o‘rnida aytib o‘tishimiz joizki, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 avgustdagi 678-son qaroriga asosan tashkil etilgan. Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tomonidan Agentlikning ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, youtube, facebook, twitter, instagram da o‘z rasmiy sahifalari va telegram messenjerida rasmiy kanal faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Jamoatchilik bilan munosabatda bo‘lish, ular tomonidan beriladigan savollarga javob berish maqsadida t.me/uzpharmagency_bot platformasi orqali yo‘llangan murojaatlarga mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda javob berib kelinmoqda.

Bulardan tashqari Agentlikning veb-saytida ham sohaga oid yangiliklar, qonunchilikdagi barcha normativ hujjatlar doimiy yoritib borilmoqda.

Shu o‘rinda, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Oltin voha” telegram kanalini, Agentlikka yuklatilgan vakolat doirasidagi vazifalar haqida yetarli maʼlumotga ega bo‘lmasdan hissiyotga berilib, Agentlikning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi maʼlumotlar tarqatmaslikka chaqiradi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilik va xabarlarni o‘z vaqtida Sizga yetkazish bilan birga, aholi bilan doimiy muloqot o‘tkazishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi. Sohaga oid Sizni qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalar bo‘lsa, shaxsingiz haqidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda telegramdagi quyidagi @uzpharmagency_bot manzilimiz orqali murojaat etishingiz mumkin.

Albatta, har bir murojaatga eʼtibor qaratilishi, tegishli mutaxassislar tomonidan javoblar berilishi taʼminlanadi.

Biz bilan bog‘lanish: (71) 203-81-81

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech