O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Niqob koronavirus tarqalishini 40 foizgacha sekinlashtirishi mumkin

Maska taqishni kanda qilmang.

Tibbiy niqob taqish masalasi boshida rosa bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Yaʼni avvaliga aksariyat tibbiyot mutaxassislari ham maska unchalik foyda bermaydi, deyishdi. Hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham kasallar va tibbiyot xodimlari taqishigina maqsadga muvofiq deb yurdi. Ammo keyinchalik ko‘pchilik, jumladan, JSST ham o‘z tavsiyalarini o‘zgartirdi. Chunki tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shaharni butunlay yopib qo‘yish, samoizolyatsiya bilan birga, oddiy qo‘lbola maska taqishning o‘zi ham koronavirus bilan kasallanishning keskin kamayishini ko‘rsatdi.

Masalan, Germaniyaning Mehnat iqtisodiyoti instituti tadqiqotchilari niqob taqish samaradorligini aniqladi. Maska koronavirus tarqalishini 40 foizgacha sekinlashtirishi mumkin.

Olimlar birinchilardan bo‘lib jamoat transportida va do‘konlarda niqob kiyishning majburiy tartibini joriy qilgan Germaniyaning Iena shahridagi epidemiologik vaziyatni o‘rganishdi. Maʼlum bo‘lishicha, 20 kun ichida Ienada yangi holatlar soni 25 foizga, 60 yoshdan oshgan odamlar orasida esa 50 foizga kamaydi. Bu tartibni kechroq joriy qilgan aholi yashash punktlarida virus jadal tarqagan. Ayniqsa, yirik shaharlarda maskaning samarasi yaqqol sezilgan.

Xuddi shunday tadqiqotni britaniyalik olimlar ham o‘tkazishgan. Unga ko‘ra, agar aholining kamida 50% maska taqsa, koronavirus R0 (bazaviy reproduktiv son) birdan past bo‘lar ekan. Soddaroq tushuntirilsa, koronavirus yuqtirgan 10 kishidan virus yuqtirganlar soni 10 nafardan kamroq bo‘ladi.

Demak, kun issiq, nafasim qaytayapti, demasdan, to vaksina chiqib, ommalashmaguncha, maska taqishni kanda qilmaslik lozim.

Yaxshi yangilik. Britaniyalik olimlar deksametazon steroidi koronavirus og‘ir o‘tayotgan bemorlarga yordam berishini aniqlashdi. Ular mazkur preparatni 2 mingdan ortiq bemorda sinovdan o‘tkazishdi. Maʼlum bo‘lishicha, mazkur dori sunʼiy nafas olish apparati(IVL)da bo‘lgan bemorlarda o‘lim riskini 40%dan 28%ga, kislorod maskasida bo‘lgan bemorlarda esa 25%dan 20%ga kamaytirgan. Deksametazon bilan davolash 10 kun davom etishi mumkin. Dori kasallikning yengil formasi bilan og‘riganlarga yordam berishi ehtimoli kam.

Maska taqishni kanda qilmang!

Manba

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar bizning @Uzpharm_agency telegram-kanalida

Manzilimiz: 100084 Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 1-A uy.

Telefon:  (998 71) 203-81-81

Elektron manzil: farmagentlik@minzdrav.uz

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech