O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston olimlari koronavirusga qarshi qanday vosita topdi? “Biz nega doim o‘zga yurt olimlaridan umidvor bo‘lamiz?!” nomli maqolaga rasmiy munosabat bildirildi

Ilm yo'li, olimlik g'oyat mashaqqatli va og'ir yo'l. Azaldan bejizga ilm o'rganishni “igna bilan quduq qazish”ga tenglashtirilmaydi. Biror sohada yangilikka intilishga to'g'ri kelsa, rivojlangan mamlakatlar tajribasini misol qilish odat tusiga kirdi. Albatta, ilm-fan sohasida ham muvaffaqiyatga erishgan davlatlarda uni amaliyotga tadbiq etish oson kechmasligi kuzatiladi. Biror narsani kashf qilish, yaratish uchun olim yillar davomida izlanadi. Shu ish uchun butun umrini bag'ishlaydi.

Yurtimizda ayni paytda kechayotgan sinovli kunlar – pandemiya paytida turli axborotlar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali har kuni, har soatda chop etilyapti. Bu tezkorlik, aholini yangiliklar bilan xabardor qilishda juda qulay sanalmoqda. Albatta bu axborotlar orasida turli jabhalarda sodir bo'lgan kamchiliklarni jamoatchilik va mutasaddilar e'tiboriga olib chiqib, hal bo'lishiga erishilayotgan tanqidiy materiallar ham ko'p. Ammo har bir tanqidlar dalillarga asoslangan bo'lyaptimi? Yo'q. Afsuski, hozir axborot tarqatish borasida ba'zi noprofessionalliklar mavjud, axborot iste'molchilarida ham ishonchli, xolis axborotni qabul qilish ko'nikmasi shakllanib ulgurmadi.

Masalan, joriy yil 23 iyul kuni platforma.uz saytida “Biz nega o'zga yurt olimlaridan umidvor bo'lamiz?!” nomli maqola chop etildi.

Maqolada “Ilm bilan yechilishi zarur bo'lgan qandaydir global masala yuzaga kelganda, nega bizning olimlarimiz doim parda ortida qoladi?” deya ta'kidlangan. Birinchidan, bugun koronavirus balosi butun dunyo aholisini qiynamoqda. Eng rivojlangan davlatlar, xalqaro tashkilotlar, eng tajribali olimlar bu ofatga qarshi kurashmoqda. Uni yo'q qilish, yengish yo'llarini qidirmoqda. Bu global muammo. Baxtga qarshi koronavirusning aniq davosi topilmadi.

Ikkinchidan, bu vaziyatda O'zR FA tegishli olimlari befarq qarab turganicha yo'q. Jumladan, “Yangi biologik faol birikmalarning COVID-19 virusiga qarshi ta'siri sinovdan o'tkazilmoqda” nomli maqola e'lon qilindi. Unda soha olimlari tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlar haqida xabar berildi. O'zbek olimlarining ko'p yillik izlanishlari natijasida yaratilgan “Rutan” preparati SARS-Cov-2 virusini gidrolaza orqali ingibirlash darajasi 78,3% teng ekani aniqlandi. FA rasmiy saytida e'lon qilingan maqolada bu haqda batafsil ma'lumot keltirildi. Boshqa OAVlar orqali olimlarimiz chiqishlarida ham bir necha bora ta'kidlandi. Maqola muallifi uchun yana alohida keltirib o'tish mumkinki, ushbu preparat to'liq mahalliy tabiiy moddalardan iborat. Nojo'ya ta'sirlari aniqlanmagan. Vositaning toksiklik darajasi nihoyatda past. Ayni shu sababli viruslarga qarshi qo'llanilayotgan boshqa dori vositalariga nisbatan davolash samarasi yuqori hisoblanadi.

FA tegishli soha olimlari albatta bu bilan cheklanib qolmasdan, mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanib, koronavirusga qarshi kurash borasida tadqiqotlarni davom ettirishmoqda. Ular tomonidan COVID-2019 RNKsini ajratish diagnostik to'plami ishlab chiqildi.

Global muammo bo'lgan koronavirusga qarshi kurash yo'lidagi o'zbek olimlarining ilmiy izlanishlari TV, radio, matbuot va internet nashrlarida hamda FA rasmiy saytida muntazam e'lon qilib boriladi.

Qolaversa, FA tarkibidagi barcha ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo'layotgan o'zgarishlar, yangilanishlar to'g'risida tizim faoliyati bilan qiziquvchi har qanday kishi Akademiyaning rasmiy saytida doimiy tanishib borishlari mumkin.

Mamlakatimizda o'tgan 20 yildan ortiq vaqt davomida ilm-fan, ilmiy-tadqiqot muassasalari o'z holiga tashlab qo'yilgani, sohaga bo'lgan e'tibor, rag'bat yetishmasligidan bilimli kadrlar xorijga ketgani ko'pchilikka ma'lum. Biroq, FA tizimidagi muassasalarda fidoiy mutaxassislar, olimlar juda ko'p. Yuqoridagi kabi sa'y-harakatlar bunga bir misol. Quvonarlisi, so'nggi 2-3 yil ichida olimlarimiz uchun kerakli sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qilina boshlandi. Sohaning moddiy ahvoli yaxshilanib, uni rivojlantirish masalasi huquqiy mustahkamlab qo'yildi. Bu yo'lda amaliy ishlar qilina boshlandi. Ilmiy-tadqiqot institutlari moddiy-texnik bazasi, laboratoriya jihozlari yangilanmoqda va bu jarayon davom etmoqda. Davlat miqyosidagi ilm-fanga bo'lgan e'tibor o'z samarasini berishi bir qancha vaqt talab qilinishi ham tabiiy. Zero, hech qachon bugun ekilgan daraxt bugunoq meva bermaydi.

O'zR FA Axborot xizmati

Фармацевтика тармоғини ривожлантириш агентлиги Матбуот хизмати

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech