O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston qonunchiligida 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 2021 yil 1 iyuldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Daryo.uz nashri mamlakatda kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlarni taqdim etdi.

Pensiya va nafaqalar oshiriladi

Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi. Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi.

Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga yetkaziladi.

Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkaziladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi:

▪️ oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi;
▪️ oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi;
▪️ nafaqa oluvchi oilalarning barcha aʼzolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori 400 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun 150 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilandi.

Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mga oshiriladi.

Fuqarolarga STIR berish bekor qilinadi

Davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar tomonidan aholidan soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi (STIR olganlik) to‘g‘risidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Ishga qabul qilish jarayonida jismoniy shaxslarning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligini soliq organidan mustaqil ravishda yoki «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olish lozim.

Ko‘p kvartirali uy-joylarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga subsidiya ajratiladi

Mamlakatdagi ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga o‘tgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini mahalliy hokimliklar kafilligi asosida uch yilgacha uzaytirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.

Bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga davlat tomonidan imtiyozlar beriladi

Ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 238 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Oilaviy bog‘chalardagi bolalar sonini 25 nafardan 50 nafargacha oshirish va 4 nafargacha xodim yollashga ruxsat beriladi.

Davlat organlari va tashkilotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga tegishli maʼlumotlarni joylab boradi

Quyidagilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga (“data.gov.uz”), davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:

▪️ amalga oshirilgan davlat xaridlari;
▪️ mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
▪️ Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
▪️ o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

2024 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat taʼlim tashkilotlari:

▪️ ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno);
▪️ taʼlim jarayoni natijasida olingan, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni (ish va xizmatlarni) taʼlim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i bo‘yicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.

Darsdan bo‘sh vaqtlarda, shu jumladan, yozgi taʼtil vaqtida quyidagi davlat mulki obyektlari nodavlat taʼlim tashkilotlariga ijaraga beriladi:

▪️ maktabdan tashqari taʼlim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy o‘rta va OTM bo‘sh maydonlari;
▪️ aholining kompyuter savodxonligi bo‘yicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumiy o‘rta va professional taʼlim muassasalaridagi kompyuter sinflari.

Shuningdek, aholining kompyuter savodxonligi bo‘yicha kurslar tashkil etish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan jalb qilingan o‘qituvchilar ish haqi xarajatlarining bir qismi oyiga BHMning 6 barobarigacha (1,47 million so‘mgacha) miqdorida 2024 yil 1 yanvarga qadar kompensatsiya qilinadi.

Barcha mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadi

Respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida “E-qaror” elektron tizimi joriy etiladi. Ushbu elektron tizimni chetlab o‘tgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi va qarorlarning tartibga solish taʼsirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda 24 ta tuman (shahar) qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hududlarga aylanadi

Respublikadagi 24 ta tuman (shahar) qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi va ularda «kichik sanoat zonalari» tashkil etiladi. Tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar beriladi.

Parrandachilik sohasida davlat subsidiyalari beriladi

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1000 so‘m miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi.

Tijorat banklari tomonidan 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan:

▪️ omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi;
▪️ parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

Davlat organlarida xizmat avtotransportlari davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi

Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech