O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Mustaqillik yillarida mahalliy farmatsevtika korxonalarining o‘rni va istiqbollari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Tadbir Parlamentning quyi palatasi Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi masʼul xodimlari, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etishdi.

Videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazilgan davra suhbatida aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash borasida mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyati, yutuq va muammolari, hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbir davomida taʼkidlanganidek, yurtimizda aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan 45 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida tarmoqda sezilarli yutuqlarga erishildi, jumladan, O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida o‘sish dinamikasi (yiliga 8-10 foiz) bo‘yicha MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kirdi.

So‘nggi besh yilda mahalliy farmatsevtika bozorida ijobiy natijalar kuzatildi. Chunonchi, 2017 yilda 1,4 trillion so‘mga yaqin miqdorda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yilda 2,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Mahsulotlar hajmi o‘rtacha 2 barobar o‘sib, dori vositalari va tibbiy buyumlar 1,2 milliard shartli birlikdan ortiqni tashkil qildi.

2017 yilda respublikamizda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 149 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 220 tani tashkil etmoqda.

Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar soni 3 532 taga yetkazildi. Jumladan, “Asosiy dori vositalar ro‘yxati”ga kiritilgan 461 ta dori vositasining 44 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

Tadbirda sohaning bu boradagi muammolari ham muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan dori vositalarini mahalliylashtirish, mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarishni yanayam kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech