O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 22 iyun kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyitilgani taʼkidlandi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi izchil taʼminlanayotgani qayd etildi. Vazirlik va idoralar o‘rtasida faol muloqot olib borilmoqda, o‘zaro tashriflar tashkil etilib, hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari aniqlanmoqda.

Ushbu munosabatlar faolligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga kutilayotgan davlat tashrifi kun tartibining amaliy mazmuniga ham hissa qo‘shishi alohida taʼkidlandi.

Hukumatlar rahbarlarining fikricha, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik barqaror rivojlanib kelmoqda.

Pandemiyaga qaramay, yil boshidan buyon o‘zaro savdo o‘sishi taʼminlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida savdo aylanmasi 2020 yilning shu davriga nisbatan 15 foizga oshdi.

Ikki mamlakat prezidentlari hukumatlar rahbarlariga yaqin kelajakda savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘yganligi qayd etildi. Bunday natijaga faqat o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda Rossiya va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha izchil amaliy choralarni ko‘rish orqali erishish mumkin.

Rossiya O‘zbekistondagi eng yirik investorlardan biri ekanligi ham bildirildi.

Rossiya kompaniyalari va banklarining investitsiyalari O‘zbekistonning eng istiqbolli tarmoqlari - neft-gaz sohasi, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa sohalarga yo‘naltiriladi.

Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiya kapitaliga ega 2 mingdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbirda, shuningdek, transport, taʼlim, tibbiyot, tashqi mehnat migratsiyasi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama sheriklikni izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech