O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston va Tojikiston: farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat hamda yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik anʼanalari birlashtirib turadi. Bu yaqinlik O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar uchun mustahkam zamin, asosiy tamoyil bo‘lib xizmat qiladi.

Joriy yilning 28 aprel sanasida Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga tashrif buyurdi.

Agentlik direktori Sardor Kariyev bilan kechgan uchrashuvda farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkrolik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirish masalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida tomonlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha ikki mamlakat prezidentlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida taʼkidlab o‘tildi.

Muloqot davomida Tojikiston hududida hamkorlikda dori vositalari va tibbiy buyum-tibbiy texnikalar ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini yaratish va mazkur faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun maqbul hududlarni aniqlash, mamlakatlarimiz o‘rtasida farmatsevtik mahsulotlar aylanmasi uchun keng tarmoqli transport koridorini yaratish bo‘yicha takliflar bildirilib, o‘zaro fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida elchi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda qabul uchun Sardor Kariyevga minnatdorchilik bildirib, yuqoridagi masalalar yuzasidan aniq rejalar tuzish va korxona barpo etiladigan hududni o‘rganish uchun Agentlik vakillarini Tojikistonga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 22-30 avgust kunlari Tojikiston farmatsevtika tarmog‘i regulyator organlari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Mazkur tashrif davomida Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekistonning farmatsevtika tarmog‘i imkoniyatlari bilan yaqindan tanishgandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech