O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston-Vengriya: farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi

Joriy yilning 16 fevral kuni O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi boshlandi. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari kirdi.

Tashrifning birinchi kunida hukumat delegatsiyasi tarkibiga kirgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev Debretsen shahrida Debretsen universiteti rektori hamda “PHARMAPOLIS” innovatsion farmatsevtika klasteri vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sardor Kariyevning so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika klateri vakillari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “PHARMAPOLIS” innovatsion farmatsevtika klasteri o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

-Ushbu Memorandum o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha farmatsevtika sohasida maʼlumotlar almashinuvini, tadqiqotlar o‘tkazish va ikki mamlakatning taʼlim muassasalari va tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish va tajriba almashishni nazarda tutadi. Shuningdek, qo‘shma seminarlar va ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish ham shular qatoridandir, - dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori.

Sardor Kariyev klaster va universitet faoliyati bilan yaqindan tanishib, u yerdagi laboratoriyalarning ish jarayonini atroflicha o‘rgandi. Tashrif yakunlari bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

Tomonlar imzolangan Memorandum asosida Debretsen universitetining farmatsevtika va tibbiyot fakultetlari filiallarini O‘zbekistonda ochish masalasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni imzolashga kelishib oldilar.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech