O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekistonda dorixonalar rostdan ham ko‘p-mi? Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mavzu yuzasidan munosabatini bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonlik ayol poytaxtimizdagi dorixonalarni ko‘rib, hayratga tushgani aks etgan video tarqaldi va bu muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz mavzu yuzasidan kichik ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.

Mazkur so‘rovnoma yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni bildiradi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda dorixonalar rostdan ham ko‘p-mi?

Avvalo qonunchilikka muvofiq, dorixonaga dori vositalarini chakana realizatsiya qiluvchi obyekt sifatida eʼtibor qaratishimiz lozim. Yurtimizdagi dorixonalar sonini aholi jon boshiga taqsimlagan holda rivojlangan davlatlarga qiyoslasak, ko‘rsatkich ularniki bilan deyarli teng holatda.

Bir hududda dorixonalar joylashuvi bo‘yicha ko‘pligining yaxshi tomonii - bu raqobatni kuchaytiradi, narxlarning tushishiga sabab bo‘ladi. Chunki aholini birinchi navbatda dori vositalarning narxlari o‘ylantiradi. Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

Taʼkidlash joizki, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra: dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun qayd etilgan cheklangan narxlar va ularga cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash yo‘li bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarning elektron (onlayn) reyestri yuritilmoqda.

Ushbu sohadagi yana bir yangilik shundan iboratki, aholi va tibbiyot tashkilotlarining sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, sohada taʼsirchan jamoatchilik nazoratini olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan «Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun» mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, 2022 yilning 26 oktyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab:

- jismoniy shaxslar tomonidan dorixonalardan sotib olingan dorilar uchun beriladigan xarid cheki soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda uning narxi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dorilarning chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi;

- dorilarning chakana narxiga belgilangan ustamalar oshirib qo‘llanilganligi aniqlanganda, tegishli chora ko‘rish uchun bu haqida tegishli monopoliyaga qarshi kurashish organiga xabar yuboriladi;

- xarid cheki bo‘yicha narx dorining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, ushbu maʼlumot asosida o‘tkazilgan tekshirish yakuniga ko‘ra huquqbuzardan belgilangan tartibda jarima undiriladi.

Bundan tashqari, bemorlarni shifoxonada dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash tajribasi yo‘lga qo‘yilib, ushbu amaliyot dastavval respublika darajasidagi shifoxonalarda 2023 yil davomida tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi. Ularga xarajatlar smetasi bo‘yicha ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi doirasida xarid qilinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar bepul, qolgan hollarda pullik asosda shifoxonaga kirim qilingan narxlarda amalga oshiriladi. Bunda, shifoxona tomonidan xarid qilinadigan dori vositalarining narxi belgilangan ulgurji referent narxlaridan yuqori bo‘lmasligi talab etiladi.

Mazkur chora-tadbirlar aholi va tibbiyot tashkilotlarini sifatli dori vositalari bilan taʼminlash tizimini yanayam takomillashtirishga, dori vositalarini ishlab chiqarish va sotish jarayonlarini xalqaro meʼyor talablariga muvofiqligini taʼminlashga, va, pirovardida, xalqimiz salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech