O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Singapur 30 dona kislorod konsentratorini O‘zbekistonga beg‘araz asosda taqdim etdi

Singapurning “Temasek Foundation” fondi 30 dona “Yuwell 7F-5” kislorod konsentratorini beg‘araz asosda taqdim etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi. 22 iyul kuni yuklarni O‘zbekiston tomoniga rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kislorod konsentratorini mamlakatimizga jo‘natish bilan bog‘liq tashkiliy jarayon O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi tomonidan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 20 iyul kuni o‘tgan Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar masalalariga bag‘ishlangan videoselektordagi topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Singapur tomonining 30 ta kislorod konsentratorini yetkazib berish bo‘yicha qaror O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi kompleks chora-tadbirlar va qatʼiy harakatlarni amalga oshirish maqsadida o‘z vaqtida va manzilli ko‘rsatilgan yordam bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bu hamkor mamlakatning O‘zbekiston tibbiy muassasalarining samarali faoliyat yuritishi uchun taqdim qilgan ikkinchi insonparvarlik yordamidir. Bundan oldin Singapur mamlakatimizga 5 ming dona PSR test tizimlarini yuborgan edi. Uskunalarni mamlakatimizga olib kelish uchun 22 iyul kuni "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan Shanxay shahri orqali reys tashkil qilindi. Ayni paytda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi kislorod konsentratorlarini qabul qilib oldi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech