O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida ilk bor Xalqaro farmatsevtika forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilari vakolatxonalarining O‘zbekistondagi Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va eksport hajmini ko‘paytirish, yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yuqori salohiyatli loyihalarni yo‘lga qo‘yish maqsadlarini ko‘zlaydi.

Aytish joiz, tadbir xalqaro va mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tartibga soluvchilar, distribyutorlar, dorixonalar tarmoqlari va bozor ekspertlari o‘rtasida ilg‘or tajriba va amaliyot, innovatsion usul va texnologiya almashinuvi uchun mintaqaviy maydonga aylandi.

Forum ishtirokchilariga mamlakatimiz farmatsevtika sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi haqida batafsil so‘zlab berildi.

Maʼlumotga ko‘ra, 2020 yil 1,6 milliard dollarni tashkil etgan O‘zbekiston farmatsevtika bozori qiymati bir yil o‘tib, qariyb, 1,7 milliard dollarga ko‘tarildi, dori isteʼmoli jon boshiga yillik o‘rtacha 37 dollardan 50 dollarga yetdi. Hozir respublikamizda jami 221 farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga 616 ulgurji faoliyat bilan shug‘ullanadigan tashkilot, 15 ming 790 dori vositasi va tibbiy buyum chakana savdosiga ixtisoslashgan dorixona va filiallar mavjud. 2021 yil mobaynida mahalliy korxonalar tomonidan jami 3,8 trillion so‘mlik farmatsevtika mahsuloti tayyorlanib, ishlab chiqarish hajmi 2020 yilga nisbatan 29 foiz o‘sgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, sarmoyaviy imkoniyatni kengaytirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, hamkorlar, xorijiy biznes vakillari va mehmonlarga mamlakatimizda qo‘llash uchun qulay bo‘lgan aniq investitsiya loyihalari va keyslar haqida maʼlumot taqdim etildi. Sifatli farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida faoliyati xorijiy bozorga yo‘naltirilgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.

Sessiyalar davomida yurtimizdagi sohaga doir jarayon haqida, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar bo‘yicha batafsil maʼlumot berildi. Kun tartibidan xaridga, markirovkalashga doir masalalar ham o‘rin oldi.

- Xalqaro hamkorlarsiz bugun hech bir sohani rivojlantirib bo‘lmaydi, - deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev. – Xalqaro kompaniyalarni mamlakatimizga jalb qilish va ilg‘or xorijiy tajribani ommalashtirish uchun mana shunday forumlar juda kerak. Zero, sohaga eʼtibor, aholi soni, dori-darmonga ehtiyoj bir-biriga mos tarzda ortib boryapti. Quvonarlisi, O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istagidagi kompaniyalar ko‘p. Masalan, dunyodagi eng yirik 20 farmatsevtika kompaniyasidan biri – “Big Pharma” mamlakatimizda o‘z mahsulotini mahalliylashtirmoqchi. Rossiya va Yevropadan kelgan boshqa qator yirik korxona bilan ham bitim imzolanish arafasida.

Bundan tashqari forum doirasida “Farmbyudjet” mavzusida panelli birinchi ochiq sessiya va onkologik va gematologik kasalliklar bilan kurash strategiyasi taqdimoti namoyish etildi.

Qatnashchilar dori-darmon narxini shakllantirish va raqamli belgilash jarayoni hamda dori vositalari aylanmasini monitoring qilish tizimi haqidagi tafsilotlarni ham bilib oldilar.

- Ilk bor o‘tkazilayogan bo‘lsada, ushbu anjumanga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani aniq, - dedi Pokistoninng “Plus Pharma” strategiyasi bo‘yicha maslahatchisi Zafar Mirza. – Aynan shu jihat yuqori natijaga erishish uchun zamin yaratadi. Tadbir ko‘plab yirik korxonalar, yetakchi tadbirkorlar bilan tajriba almashish, yangi xalqaro sheriklar topish imkonini beradi. 

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda davlat rahbari va hukumat tomonidan farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga, sohaning huquqiy asosini mustahkamlashga alohida etibor qaratilayotganidan xabarimiz bor. Xususan, raqamlashtirish, eksport salohiyati va dori-darmon vositalari turi ko‘paymoqda. Yaratilayotgan qulay imkoniyatlar biz singari xorijiy investorlar diqqatini tortyapti.

Tadbirda milliy farmatsevtika tarmog‘iga xalqaro “GXP” standartini joriy etish mavzusiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus, xorijiy savdo vakolatxonalari, dorixona tarmog‘i vakillari, distribyutorlar sohaga doir yangiliklarni baham ko‘rishdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech