O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida O‘zbekiston – Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida forumga tashrif buyurdi va ishtirokchilarga omad tiladi.

Biznes forumda mamlakatimizning tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ziyod vakillari ishtirok etdi.

Biznes-forum ilk bor va aynan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida oʻtkazilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu tashrif va Oliy darajadagi uchrashuv hamda muzokaralar mamlakatlarimiz hamkorligida barcha tarmoqlarni qamrab oladigan yangi sahifa ochishi, koʻp qirrali Oʻzbekiston – Pokiston sherikligini rivojlantirishga kuchli turtki berishi alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar eʼtirof etildi. Soliqni tartibga solish sohasini isloh qilish, iqtisodiyot shaffofligini oshirish, yer maydonlarini ajratish tartib-taomillarini, xorijiy investorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishdagi va boshqa sohalardagi yutuqlar sanab oʻtildi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshib bormoqda. Pandemiyaga qaramay oʻtgan yili oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2019-yil darajasida saqlab qolindi.

Shu bilan birga, bu Oʻzbekiston va Pokiston iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini mutlaqo aks ettirmasligi qayd etildi.

Afsuski, oʻzaro savdo aylanmasida ayrim mahsulotlarning ulushi salmoqliligicha qolmoqda. Misol uchun, Oʻzbekistondan Pokistonga eksport qilingan ikkita mahsulot – dukkakli mahsulotlar va yigirilgan paxta ipi jami eksportning deyarli 90 foizini tashkil etmoqda.

Shuningdek, Pokistondan importning 80 foizdan ortigʻini kartoshka, sitrus mevalar va dori vositalari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzaro tovar ayriboshlash hajmini oshirish uchun kimyo, elektrotexnika, mashinosozlik, charm, ipak sanoati kabi sohalarda katta imkoniyatlar mavjudligi aytildi.

Bundan tashqari, sanoat kooperatsiyasi ikki tomonlama hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb ikki baravarga oshdi va160 tani tashkil etmoqda.

Hamkorlikni rivojlantirish uchun juda koʻp yoʻnalishlar mavjud. Qishloq xoʻjaligi sohasi, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika sanoati, toʻqimachilik va charm sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish shular jumlasidan.

Forum doirasida vazirlik va idoralar rahbarlarining taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Ularda turizm, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, kimyo sanoati sohalarida va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari namoyish etildi.

Forum yakunlari boʻyicha investitsiya loyihalarini va savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha qator hujjatlar imzolandi, deya xabar beradi OʻzA.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech