O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Professor Shomansur Sagdullayev COVID-19 pandemiyasida «Rutan» preparatini qo‘llash mumkinligi haqida tushuntirish berdi

Bugungi kunda virusli infektsiyalarga qarshi kurashish boʼyicha qoʼllanilayotgan chora-tadbirlar orasida COVID-19 pandemiyasi taʼsirini kamaytirish uchun dori-darmonlar bilan davolash salmoqli oʼrin egallaydi. Аfsuski, hozirda dunyoda koronavirus infektsiyasi qoʼzgʼatuvchisining nafas yoʼllari orqali hujayraga kirib borishini kamaytiradigan, virus koʼpayishini susaytiradigan yoki sogʼlom hujayralarga kirishining oldini oladigan oʼziga xos antivirus preparatlar yetarli darajada emas. Bu hol bemorlarda koronavirusning yondosh kasalliklar bilan birga kelishi bilan kuzatiladi, dori-darmon orqali davolashni yanada qiyinlashtiradi. 25 foizgacha bemorlarda COVID-19ning ogʼir shakli orqali yuzaga kelishi davolash samaradorligini yanada pasaytiradi. Shuni hisobga olgan holda yangi virusga qarshi kashf qilinadigan preparatlar bir paytning oʼzida yondosh kasalliklarga ham samarali taʼsir koʼrsatishi muhim ahamiyatga ega.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasining akad. А.S. Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti direktori, akademik Sh.I. Salixov rahbarligidagi bir guruh olimlar tomonidan ishlab chiqilgan «Rutan» preparati interferon induktorlarini faollashtiruvchi taʼsiriga ega boʼlib, grippga qarshi vosita sifatida 2015 yilda klinik sinovdan muvaffaqiyatli oʼtgan va tibbiyot amaliyotida bugungi kungacha qoʼllanilib kelinmoqda.

«Rutan» Rhus coriaria (Totum) oʼsimligidan ajratib olingan preparat boʼlib, gripp virusining turli shtammlariga jumladan SARS-Cov-2ga samarali taʼsir koʼrsatgan.

Koronavirus pandemiyasi tufayli «Rutan» preparati Xitoy Fanlar Аkademiyasining Shinjon texnik fizik-kimyo instituti yordamida Shanxay Materiya Medika institutida in vitro usulida tajribalar olib borilgan. Preparatning zaharlilik darajasi IV sinfga mansubligi boshqa virusga qarshi preparatlarga nisbatan kam zaharliligini namoyon qilgan. Shu bilan bir qatorda uning in vitro usulida SARS-Cov-2 virusini 3CL gidrolazalarini ingibirlash darajasi 78,3 % tengligi aniqlangan.

Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni Saqlash Vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infektsiyasi va boshqa nafas yoʼli kasalliklarining yengil turlari bilan ogʼrigan, tor doiradagi bemorlarda klinik tadqiqotlar oʼtkazilganda nazorat guruhi bemorlariga Polioksidoniy, Spirulin, Sermin va Immun preparatlari hamda «Rutan» preparatini qabul qilgan bemorlarda kasallikning 5-kuniga kelib, mos ravishda 57,1% va 73,3% ga ijobiy taʼsir koʼrsatgan. Olingan natijalarga asoslanib, Rutan preparati hozirgi kunda qoʼllanilib kelinayotgan yuqoridagi preparatlarga nisbatan 16,2 % ga samarali taʼsir koʼrsatgan. Bu xulosalar interferon induktori faollashtiruvchi preparat sifatida koronavirus infektsiyasiga qarshi profilaktik maqsadda qoʼllash imkonini berishi mumkin.

Butun dunyoda COVID-19 yangi virus sifatida tan olingan. Ushbu virusga qarshi yangi dori vositalarini yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Biroq, hozirgi kungacha virusga toʼgʼridan–toʼgʼri taʼsir qilib, faoliyatini batamom toʼxtatuvchi preparat kashf qilingani yoʼq. Bir qator olimlarning fikriga koʼra, COVID-19 ogʼir shakli boʼlgan bemorlarda C-reaktiv oqsil, α-oʼsma nekroz omili, interleykinlar va boshqa bir qator biologik faol moddalar, giperkoagulyatsiya va qon tomir zararlanishi aniqlangan. Turli sitokinlarning aktivlanishi sitokin «boʼroni» yuzaga kelishi bilan birga kechadi. Kasallikning namoyon boʼlishi, COVID-19 bilan ogʼrigan bemorda oʼtkir respirator distres sindromining shakllanishiga sabab boʼladi. Ushbu vaziyatda COVID-19 bilan ogʼrigan bemorlarga immunodepressantlarni buyurishi kerak degan xulosani beradi.

Kelajakda Rutan preparatini COVID-19 ning yengil va ogʼir darajasidagi virusga qarshi taʼsiri boʼyicha, toʼliq hajmda, ilmiy izlanishlar va klinik sinovlarni olib borilishi natijasi keng miqyosida qoʼllanilishiga asos boʼla oladi.

Rutan preparatining substantsiyasi OʼzR FА akad. А.S. Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti hamda dori shakli Xitoy-Oʼzbekiston Ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Ishlanma Bioorganik kimyo institutining amaliyotga tatbiq qilayotgan navbatdagi preparati. Biz jamoani qoʼlga kiritgan yutuqlari bilan tabriklaymiz.

OʼzR Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi
«Farmakologiya va farmatsevtika fanlari»
boʼyicha Ilmiy-texnik kengash raisi
OʼzRFА akad. S.Yu.Yunusov nomli
Oʼsimlik moddalari kimyosi
instituti direktori
tex.f.d., professor Shomansur Shoxsaidovich​ Sagdullaev

Farmatevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar bizning @Uzpharm_agency telegram-kanalida
Manzilimiz: 100084 Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 1-A uy.
Telefon: (998 71) 203-81-81
Elektron manzil: farmagentlik@minzdrav.uz

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech