O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Protez-ortopediya buyumlari qay tartibda beriladi?

2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, tibbiy-ijtimoiy muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 iyunda qabul qilingan «Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgandi.

Shunga qaramasdan, nogiron, protez buyumlarga muhtojligi bo‘lgan shaxslar o‘z vaqtida mahsulot bilan taʼminlanmayapti. Bugungi kunda Toshkent shahrida to‘rtta protez buyumlari ishlab chiqaradigan korxona faoliyat yuritadi, viloyatlarda esa shu korxonalarning filiallari tashkil etilgan.

«Protez yasash qonuniga ko‘ra, bitta jamoa (3 kishidan iborat bo‘ladi) bir oyda 5ta protez yasab berishi lozim. Lekin bizda bunday bo‘lmaydi. Yanvar, fevral, mart, aprel va may oylarida bo‘sh o‘tiramiz. Keyin birdaniga 50ta, 60ta yasashga talon beriladi. Bitta jamoa bir kunda bitta, ikkita yasashga majbur bo‘ladi. Mingga yaqin odam bir turdagi protez olishidan qatʼi nazar, har biri uchun alohida yasaladi va katta vaqtni talab etadi», — deydi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani “Qumovul” mahallasida joylashgan protez ishlab chiqarish korxonasi xodimi Abdullev Ilhom.

Maʼlum qilinishicha, protez-ortopediya buyumlariga buyurtma berish va muhtojlarni taʼminlash ishlari bir nechta bosqichda amalga oshiriladi. 

«Muhtojlik to‘g‘risida maʼlumotlar yilning 5 yanvariga qadar to‘planadi. Odatda yilning may oyidan boshlab, protez-ortopediya buyumlari xaridi bo‘yicha tender savdolariga eʼlon beriladi. Muammo shundaki,tegishli pul mablag‘lari hududiy Moliya boshqarmalari tomonidan may-iyun oylaridan boshlab moliyalashtiriladi. Mablag‘ yo‘qligi oqibatida tender savdolariga kech eʼlon beriladi. Byudjet mablag‘larining kech ajratilishidan kelib chiqib, protez-ortopediya buyumlarini fevral-mart oylaridan boshlab, qarz hisobiga tayyorlab, muhtojlarga yetkazish ishlari amalga oshiriladi», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi bosh mutaxassisi A.Jalilov.

Protez-ortopediya buyumlari bilan bepul taʼminlanish huquqiga ega bo‘lgan imtiyozli shaxslarga quyidagilar kiradi:

   — pensiya yoshidagi muhtoj shaxslar;
   — 16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalar;
   — 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Protezga muhtojligi bo‘lgan, pensiya yoshidagi shaxslarga protez-ortopediya buyumlari Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi yoki Tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi asosida beriladi. Bunda tibbiy xulosa 16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi qayd etilgan bolalarga hamda pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarga ularning yashash joyidagi Tibbiy-maslahat komissiyasi tomonidan berilsa, 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga yashash joyidagi Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan beriladi.

Qanday tartibda talon olish mumkin?

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi tomonidan nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar, pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarga tegishli hududiy Tibbiy-ijtimoiy bo‘limlar bilan shartnoma tuzgan korxonaga taqdim etish uchun tibbiy xulosalar asosida protez-ortopediya buyumlarini tayyorlash uchun yo‘llanma-talon rasmiylashtiriladi. Yo‘llanma-talon 3 qisimdan yaʼni “A” , “V” va “S” qismlardan iborat.

Nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar, pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarga yo‘llanma-talon asosida protez-ortopediya buyumini olish muddati korxona bilan tuzilgan shartnomadan kelib chiqib belgilanadi. Ushbu toifadagi muhtoj shaxs yo‘llanma-talon bilan korxonaga murojaat qilganda, unga protez-ortopediya buyumini tayyorlash uchun ketadigan vaqt hisobga olingan holda protez-ortopediya buyumining taxminiy tayyor bo‘lish kuni haqida maʼlumot beriladi. Bunda korxona tomonidan protez-ortopediya buyumini tayyorlash muddati korxona va hududiy Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘limi tomonidan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan oshmasligi lozim. Korxona tomonidan har bir tayyorlangan protez-ortopediya buyumi texnik pasporti hamda foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomasi bilan birgalikda berilishi lozim.

Nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxs, pensiya yoshidagi muhtoj shaxs yoki ularning qonuniy vakillari tayyorlangan protez-ortopediya buyumini bevosita korxonadan qabul qilib oladi.

Shuningdek, «Ortopediya reabilitatsiyasi» MCHJning hududlarda filiallari joylashgan bo‘lib, muhtoj shaxslar mazkur filiallarga uchrashib buyurtma asosida belgilangan tartibda protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlanishi mumkin.

Qancha muddatda almashtirish mumkin?

Protez buyumlari turiga qarab to‘rt oydan ikki yilgacha beriladi. Tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan vaqtga qadar buyum nosoz chiqsa, bepul taʼmirlab beriladi yoki boshqasiga almashtiriladi. Tibbiy xulosaga asosan quyidagi hollarda boshqasiga almashtirib beriladi:

   — muhtoj nogironlar, pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarning jismoniy rivojlanishi oqibatida protez-ortopediya buyumlari o‘lchamlari ularga to‘g‘ri kelmay qolsa;
   — nogironligi bo‘lgan muhtoj inson, pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarda kasallik kechishining yomonlashuvi oqibatida aynan shu protez-ortopediya buyumlaridan foydalanish imkoni bo‘lmasa;
   — muhtoj nogironlar, pensiya yoshidagi muhtoj shaxslarda o‘tkazilgan jarrohlik muolajalaridan so‘ng yuzaga kelgan anatomik yoki fiziologik o‘zgarishlar oqibatida protez-ortopediya buyumlari foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolganida.

Nega viloyatlardagi filialga emas, Toshkentdagi korxonalarga murojaatlar ko‘p?

«Protez korxonalarining joylarda filiallari yoki boshqa turdagi tarkibiy tuzilmalari faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu tuzilmalar, asosan, joylarda muhtoj fuqarolarni, tegishli buyurtmalarni qabul qiladi, rasmiylashtiradi, zarur bo‘lgan o‘lchovlarni oladi, yaʼni protez-ortopediya buyumlarini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan o‘lchovlarni belgilab oladi. Bu o‘lchovlar asosida protez-ortopediya buyumlari joylardagi filiallarda yoki Toshkentdagi asosiy korxonada tayyorlanadi. Baʼzi hollarda muhtoj fuqarolar o‘z istaklari bilan korxonaning joylardagi tarkibiy bo‘limiga emas, balki bevosita Toshkentdagi korxonaga murojaat qilishi mumkin va bu holat taqiqlangan emas. Shu bois, ularning istaklariga ko‘ra, protez-ortopediya buyumlari Toshkent shahridagi korxonada tayyorlab beriladi» , — deydi A.Jalilov.

Maʼlum qilinishicha, 2019 yilning 5 oyligi davomida 2420 nafar muhtoj shaxslar davlat tomonidan protez-ortopediya buyumlari bilan bepul taʼminlangan bo‘lib, yil yakuniga qadar yana 5000 nafar muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari bilan bepul taʼminlash rejalashtirilmoqda.

Ozoda VALIYEVA

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech