O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qalbakiligi aytilgan “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda o‘tkazilgan tezkor reydlar natijasida “Yodomarin”, “Kardiomagnil” va “Nimesil” dorilarining qalbaki turlari aniqlanganligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalarining sifati borasida bildirilgan xavotirli fikrlar yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Aytib o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra:
Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi (12-modda);

Maʼlumot uchun: “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Farmatsevtika faoliyatining dori vositalarini hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish yo‘nalishlari belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi (15-16-moddalar);

Maʼlumot uchun: “MER Kardimagnis”, dori vositasini ishlab chiqargan «Merrymed farm» MCHJ, “Nimesul” dori vositasini ishlab chiqargan "Dentafill Plyus" MCHJ, “Yodo-Narim” dori vositasini ishlab chiqargan “Malika Laboratories” MCHJ kompaniyalari farmatsevtik faoliyat uchun litsenziya berilgan korxonalar ro‘yxatida mavjud.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 yanvardagi 43-son qaroriga muvofiq, farmatsevtika mahsulotlari Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulot hisoblanib, “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlardan o‘tkazilgan va sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tegishli qonun xujjatlariga asosan, “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari:

➖ Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati uchun berilgan litsenziyaga ega korxona tomonidan ishlab chiqarilganligi;
➖ Belgilangan tartibda Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib “Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestri”ga kiritilganligi;
➖ Akkreditatsiyadan o‘tgan sertifikatlashtirish organlari tomonidan tegishli laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan mahsulot ekanligini va bu dori vositasining sifati borasida yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklari kerakligini bildiradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech