O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qashqadaryoda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi ilk korxona faoliyat boshladi

Xabaringiz bor, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida joylashgan "TRAST MED-FARM" xususiy korxonasi galen dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida maʼlumot bergan edik.

Joriy yilning 31 avgust sanasida, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida "TRAST MED-FARM" xususiy korxonasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida Qarshi tumani hokimi Maxsuda Mustafayeva, Qashqadaryo viloyati farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi rahbari Saidqul Xolmatovlar ishtirok etishdi.

Qarshi tumani hokimi Maxsuda Mustafayeva so‘zga chiqarkan, yig‘ilganlarni mustaqilligimizning 30 yilligi bilan tabriklab, tadbirkorga faoliyatida omad tiladi.

- Ushbu korxona dastlabki galen dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonadir, - dedi tuman rahbari. - Va bu davom etadi. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, ishning ko‘zini biladigan, odamlarga mehnat qilish va daromad topish uchun sharoit yaratadigan, vatanparvar hamda fidoyi tadbirkorlarni biz doimo boshimizga ko‘taramiz.

Maʼlumot uchun, "TRAST MED-FARM" xususiy korxonasining galen dori vositalarini ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 3 mlrd so‘mdan iborat. Ishlab chiqarish quvvati soatiga uch ming dona dori vositalarini tashkil etib, mahsulotlarning 50 foizi qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi. Shuningdek, to‘liq quvvat bilan ishga tushgan ushbu korxonada 20 ta yangi ishchi o‘rni yaratildi.

Taʼkidlash joiz, so‘nggi yillarda mamlakatda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qashqadaryo viloyatida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani mazkur islohotlari natijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech