O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qashqadaryodan farmatsevtika sohasida keng qo‘llaniluvchi 12 tonna “Gulxayri” eksport qilindi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan “BBU – AZAMAT” xususiy korxonasi rahbari Azamat Choriyev yangi tashabbusni ilgari surib, gulxayri yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.

Tadbirkorning taʼkidlashicha, ushbu o‘simlikning quritilgan guli dorivor hisoblanadi va ko‘plab dori vositalarini tayyorlash uchun xomashyo vazifasini bajaradi. Yevropa mamlakatlarining farmatsevtika sanoatida bunday xomashyoga ehtiyoj katta.

Dastlab korxona tasarrufidagi maydonda gulxayri o‘simligini yetishtirish bilan faoliyat boshlagan korxona aʼzolari endilikda qamrovni yana-da kengaytirishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun hududdagi tomorqa yer egalarini ham hamkorlikka chaqirmoqda. Boisi oddiy tomorqa sharoitda uni yetishtirish imkoni bor.

– O‘simlik guli kuniga ikki marotaba – ertalab va kechki salqinda terib olinib, so‘ng soya joyda bir necha kun davomida quritiladi, – deydi Azamat Choriyev. – Tomorqa egalari o‘simlik qurib, tayyor holga kelgach, bizni chaqiradi. Xom ashyo sifatiga qarab, uning har kilosini 60-70 ming so‘mdan sotib olayapmiz. Bir sotix joydan o‘rtacha 100 kilo dorivor xom ashyo olish mumkin. Bu 7 million so‘m pul degani. To‘rt, besh sotix joyga gulxayri ekib, yigirma besh, o‘ttiz millionlab daromad olayotgan oilalar bor. Tabiiy sharoitda, issiq quyosh taftida yetishtirilgan dorivor giyohning sifati xorijlik hamkorlarimizga maʼqul kelmoqda.

Maʼlumki, Qashqadaryo viloyatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga sezilarli darajada oshmoqda. Bunday natijaga erishishda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan, mamlakatimiz iqtisodiyotining faxri bo‘lgan yirik zamonaviy korxonalarning hissasi katta.

Biroq shuni ham eʼtirof etish lozimki, so‘nggi yillarda kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklari va tomorqa egalari ham turli xildagi oziq-ovqat, xalq xo‘jaligi va eksportbop mahsulotlarni yetishtirib, aholi ehtiyojini qondirish bilan birga, eksport hajmini oshirishda ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishmoqda.

Ana shunday korxonalardan biri, “BBU Azamat” xususiy korxonasi tomonidan vohada yetishtirilgan 12 tonna quritilgan gulxayri o‘simligi Polshaga jo‘natildi.

Ma'lumot uchun, Gulxayri qadim zamonlardan beri shifobaxsh o‘simlik sifatida ishlatilib kelinadi. Abu Ali Ibn Sino gulxayri ildizidan, bargidan va urug‘laridan tayyorlangan damlama bilan yo‘tal, qon tupurish, zotiljam va buyrak kasalliklarini davolagan. Buyuk tabib gulxayri ildizi asosida tayyorlangan dori-darmonlarni ko‘krakni yumshatuvchi, balg‘am ko‘chiruvchi omil sifatida tavsiya etgan.

Gulxayri gullari bolarilar uchun yaxshi oziq hisoblanadi. Dorivor gulxayrining ildizini odatda kuzda yoki erta bahorda kavlab olinib, dag‘al ildizpoya va mayda ildizchalardan ajratiladi-da, zudlik bilan suv oqimida yuvib olinadi (ildiz shilliqlanmasligi uchun). Shundan so‘ng ochiq havoda quritiladi .

Uy sharoitida gulxayri ildizidan quyidagicha damlama tayyorlash mumkin: birorta idishga 2 stakan miqdorda qaynatib sovutilgan suv quyiladi va uning ustiga 4 choy qoshiq maydalangan ildizdan solib, 8 soat davomida qo‘yib qo‘yiladi. So‘ngra suzib olib, sharbatiga kuniga 3-4 mahal yarim stakan miqdorda ichiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech