O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qiziqarli faktlar: Toshkentdagi ilk dorixona qachon ish boshlagan?

Shaharning deyarli barcha fuqarolari Toshkent markazida joylashgan, hozirda poytaxt banklaridan biri joylashgan, pillapoyasida sherlar haykallari bor qadimiy binoni bilishadi. Aynan shu binoda birinchi shahar dorixonasi joylashgan bo‘lib, uning birinchi rahbari Kaplan ismli provizor bo‘lgan.

Go‘zal shahrimiz arxivlarida saqlanib qolgan tarixiy hujjatlardan bilib olishimiz mumkinki, birinchi dorixona 1874 yil mart oyida faoliyat yurita boshlagan. Dorixona ixchamgina bo‘lib, unda dori-darmonlar turi uncha ko‘p bo‘lmagan. Uning dastlabki vazifasi mahalliy aholini tibbiy mahsulotlar bilan taʼminlash edi. Yaʼni har bir fuqaro har qanday dori-darmonni olishi mumkin bo‘lgan. Taʼkidlash joiz, ushbu dorixona aholining xayriya mablag‘lari hisobiga ochilgan.

Biroq poytaxtda yana bitta dorixona ungacha hozirgi Mirobod bozori yonida sobiq Gospitalniy ko‘chasida joylashgan harbiy kasalxonada ochilgan bo‘lgan. Ammo u harbiy kasalxona bo‘lgani tufayli faqat harbiylarga xizmat ko‘rsatgan. Tabiiyki, kasalxona shifokorlari imkoniyatlaridan kelib chiqib mahalliy aholiga ham yordam berishga harakat qilishgan.

1876 yilda shahar maʼmuriyatining buyrug‘i bilan shahar aholisi uchun dori-darmonlarni sotishga ruxsat beriladi. 1878 yilda birinchi dorixona shahar mulkiga aylandi. Aptekachi Kaplan aynan shu dorixonani boshqarishni boshlaydi.

XX-asrning boshlarida birinchi dorixona taʼmirlanib kengaytirildi. O‘sha paytda u Lagerniy ko‘chasi, so‘ng 1899 yilda taniqli rus shoiri Aleksandr Pushkin nomini olgan va hozirda Mustaqillik nomini olgan ko‘chada joylashgan.

Ushbu dorixonada sotiladigan dori-darmonlarning turlari ko‘paytirildi. 1907 yil sentyabr oyida dorixonada kimyoviy-bakteriologik xona ochildi. Ushbu xona xodimlari 1908 yilda shaharda boshlangan vabo epidemiyasiga qarshi kurash va uni yengishda katta hissa qo‘shdilar.

Aynan shu kimyoviy-bakteriologik xona tufayli bironta ham kasal to‘liq shifo topmaguncha kasalxonadan chiqarilmagan. Xodimlar ariq suvlarining ifloslanish darajasini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ishlar olib bordilar.

1910 yil yanvar oyida dorixonaning ilk filiali hozirgi Sharof Rashidov ko‘chasida qurilgan yangi binoda ochildi (u bino hozirgi kungacha yetib kelmagan). Va o‘sha yilning fevral oyida ushbu filial qoshida Turkiston tadqiqotchi olimlar va shifokorlar jamiyati tomonidan ambulatoriya ochildi. Bu yerda aholi chechakdan bepul emlangan. 1910 yilda ushbu ambulatoriya ko‘plab fuqarolarga tibbiy maslahatlar bergan. Bora-bora, bu yerda tibbiy yordamga muhtojlarga yordam ko‘rsatila boshlagan.

Toshkentda faoliyat yurita boshlagan ilk dorixonalar haqidagi hikoyamizga yakun yasar ekanmiz, bemorga yordam berish eng ezgu va olijanob ish ekanligini bilishimiz kerak. Shunday ekan, bu ishni xushmuomalali va muloyim odamlar bajarsa nur ustiga aʼlo nurdir.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech