O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

RADDIYa: Shikoyatdan maqsad tadbirkorni qoralashmi yoki...?

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Navoiy viloyati Karmana tumanida istiqomat qiluvchi jurnalist  Dildora Boymurodovaning shikoyat posti ko‘pchilikni eʼtiborini tortdi.

Unga ko‘ra, jurnalist joriy yilning 16 iyul (?) kuni Navoiy shahri Karmana tumanida joylashgan Grand-Farm dorixonasidan 8 dona GEPALAYN dori vositasini sotib olgani va bu dori nojo‘ya taʼsir o‘tkazgani shuningdek dori qadog‘ida uning muddati 2020 yil 07 oygacha, deb qo‘yilgani haqida noroziligini bildirgan.

Bu holat bo‘yicha Navoiy viloyat Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi mutaxassislari vaziyatni o‘rganib quyidagilarni maʼlum qildi.

Fuqaro Dildora Boymurodova oxirgi bor 16 iyul kunida aynan shu dorixonadan 8 dona gepalayn dori vositasini sotib olganligi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida (eʼtibor bering!) 23 iyun kuni yozib qoldirmoqda. Qanday qilib 23 iyun kuni post qoldirgan fuqaro dorixonadan 16 iyul kuni dori vositasini harid qilgani tushunarsiz.

Shuningdek, fuqaro Dildora Boymurodova o‘z postida suratini joylagan, yaroqlilik muddati 2020 yilning 4 oyigacha bo‘lgan “GEPALAYN” dori vositasi qaysi dorixonadan harid qilgani bizga nomaʼlum.

 

Navoiy viloyati Karmana tumanida Grand-Farm dorixonasi yagona bo‘lib, ushbu dorixona Xo‘jayi Xisraf MFY, Islom Karimov ko‘chasida joylashgan. Mazkur dorixona kuzatuv kamerasida barcha videoyozuvlar ko‘zdan kechirilganda, fuqaro Dildora Boymurodova o‘zi aytib o‘tgan sana (aniqrog‘i 16 iyun)da aynan ushbu dorixonaga dori vositasini harid qilgani kirmaganligini ko‘rsatmoqda.

Dorixona rahbari va farmatsevt Madina Sharipova, “GEPALAYN” dori vositasi haqiqatdan ham joriy yil 16 iyunda sotuvda bo‘lganligini, ammo bu dori vositasining yaroqliligi iyul oyigacha bo‘lganligi, hozirda sotuvda yo‘qligini taʼkidlab, ushbu dori vositasining muvofiqlik sertifikatini taqdim qildi.

Yuqoridagi maʼlumotlardan ko‘rinadiki, jurnalist Dildora Boymurodovaning shikoyati o‘z tasdig‘ini topmadi. Yaʼni dorixonadan harid qilingan dori vositasiga berilgan chek ham mavjud emas!

Eʼtiborli jihati shuki jurnalist maqola avvalida o‘zi bilan yuz bergan voqeani emas balki qasddan tadbirkorni obro‘sizlantirishga qaratilgan asoslantirilmagan maʼlumotlarni yozgan.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 40-moddasiga ko‘ra, tuhmat, yaʼni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunining 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist jumladan:

➖  o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi;

➖  aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;

➖  jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi;

➖  shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.

 Muxtasar qilib aytganda, har bir kasb egasi, va bu o‘rinda, davlat va aholi o‘rtasida ko‘prik sanalmish OAV vakillari, o‘z professional majburiyatlariga oqilona yondashib, sohadagi mavjud muammolarni olib chiqishsa va yechimini topishida sababchi bo‘lishsa, bundan xalqimizga foyda bo‘lar edi.

Aksincha, ushbu maqoladagi kabi asossiz, egri maqsadlarda uyushtirilgan shikoyatlar soha vakillarining faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, aholi o‘rtasida ishonchsizlik va negativ munosabatlar shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Xulosa o‘zingizdan...

Hurmatli yurtdoshlar!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilik va xabarlarni o‘z vaqtida Sizga yetkazish bilan birga, aholi bilan doimiy muloqot o‘tkazishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi. Sohaga oid Sizni qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalar bo‘lsa, shaxsingiz haqidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda telegramdagi quyidagi @uzpharmagency_bot manzilimiz orqali murojaat etishingiz mumkin.

Albatta, har bir murojaatga eʼtibor qaratilishi, tegishli mutaxassislar tomonidan javoblar berilishi taʼminlanadi.

Biz bilan bog‘lanish: (71) 203-81-81

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech