O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Rasmiy munosabat: O‘zbekistonda miasteniya kasalligi 16 xil dori bilan davolanadi

Ijtimoiy tarmoqlarda miasteniya kasalligini davolashda qo‘llaniladigan “Kalimin” dori vositasining  taqchilligi yuzasidan xabarlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Miasteniya – muskullarning tez toliqishi bilan kechuvchi surunkali autoimmun kasallik bo‘lib, dunyoda har 100 ming aholidan 10-24 nafarida uchraydi. Bu xastalik turli yoshda, xususan, erta bolalik va keksalik davrida ham rivojlanishi mumkin.

—  Tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarning davolash standartlariga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, Amerika nevrologlari akademiyasining “Miasteniyani davolash bo‘yicha xalqaro konsensus yo‘riqnomasi”da (2020 yilda yangilangan) xastalikka qarshi qo‘llash uchun “Xolinesteraza fermentining ingibitorlari” guruhiga kiruvchi vositalar qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, yurtimizda ham sohada uzoq yillik tajriba va bilimga ega olimlarning tavsiyalari asosida O‘zbekiston nevrologlari assotsiatsiyasi tomonidan ushbu guruhga mansub preparatlar miasteniyani davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, agentlikning Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi tomonidan miasteniya kasalligini davolashda qo‘llaniladigan 16 turdagi (11 ta xorijiy va  5 ta mahalliy) dori vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, ular tibbiy amaliyotda foydalanishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston nevrologlari assotsiatsiyasi bergan maʼlumotlarga ko‘ra, bu preparatlar orasida neostigmin metilsulfat (Prozerin), ipidakrin (Mediatorn) hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan galantamin gidrobromid tarkibli dori vositalari mavjud bo‘lib, davolash jarayonida ularning samaradorligi kuzatilmoqda.

Piridostigmin bromid (Kalimin N 60) O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida mavjud emas (yaʼni ro‘yxatdan o‘tmagan) va uning farmakologik taʼsiri O‘zbekistonda o‘rganilmagan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech