O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xorazm viloyatidagi holat yuzasidan rasmiy munosabat

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida Xitoy-O‘zbek vaksinasi olgandan keyin ahvoli og‘irlashgan fuqaro haqida video lavha tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi zudlik bilan ushbu vaziyat nazoratga olinganligi, bemorning ahvolini o‘rganish va bu holat nima sababdan yuz berganiga aniqlik kiritish maqsadida mamlakatimizning tajribali infetsionist, reanematolog, oftalmolog, virusolog, immunolog, nevropatolog, psixolog kabi mutaxassislaridan iborat tezkor guruh tuzilganligi haqida xabar berdi.

Xo‘sh, Xitoy-O‘zbek vaksinasi atrofidagi shov-shuvlar va bu vaksinaga ishonchsiz qarayotgan ayrim yurtdoshlarimizning fikrlari qay darajada asosli?

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mazkur mavzu yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:

2020 yilning 19 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markaziga Xitoy-O‘zbek vaksinasining sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun vaksina, platsebo namunalari va tegishli standartlar hamda reagentlar taqdim qilingan edi.

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK tomonidan belgilangan tartibda mazkur vaksinaning barcha xavfsizlik ko‘rsatkichlari sinovdan o‘tkazildi va uning ijobiy natijalari shuningdek, Etika qo‘mitasining vaksinani klinik tadqiqotlari o‘tkazishning etika jihatidan asoslanganligi to‘g‘risidagi xulosalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga yo‘naltirildi.

Zhifei Longsom Biopharmaseutisal So. Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va saʼy-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi.

Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAS 2001 nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishilgani bildirildi.

Joriy yilning 1 mart sanasida ZF-UZ-VAS 2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO sell) vaksina tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markazig tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. (Ro‘yxat raqami - DV/X 08646/03/21)

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga ko‘ra dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi.

Kecha, 27-avgust, Xitoylik hamkorlar tomonidan Koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari vaksina barcha shtammlar uchun umumiy 81,76% samaradorlikni ko‘rsatganligi eʼlon qilindi.

Qayd etilishicha, 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76%, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93% tashkil etdi. O‘lim va og‘ir xolatlarga qarshi 100% samaradorligini ko‘rsatdi. JSST talablariga ko‘ra vaksina kamida 50%dan yuqori samara berishi lozim.

Shuni alohida qayd qilish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti protokoliga ko‘ra 3-faza sinovlarini ochiqlash hamda statistik tahlillar o‘tkazish uchun to‘liq vaksinadan so‘ng kamida 156 holda kasallik aniqlanishi kerak. ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 faza klinik sinovlari natijasi 221 nafar kasallik aniqlangan ishtirokchilardagi tahlilga ko‘ra aniqlandi va bu sinov natijasini yana-da aniqroq bo‘lishini taʼminlaydi.

Aytish joiz, ushbu xalqaro miqyosdagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III faza ko‘pmarkazli klinik tadqiqotlari 2020 yilning 10 dekabridan boshlangan bo‘lib, sinovlarda 18 yoshdan katta bo‘lgan jami 29 000 nafar kishini qamrab olindi. Mazkur tadqiqotlar Xitoyning Xunan viloyatida, shuningdek O‘zbekiston, Indoneziya, Pokiston va Ekvador davlatlarida o‘tkazildi. O‘zbekistonda klinik tadqiqotlar Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassislari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining 30 nafar olimlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tibbiyot muassasalarining 112 nafar tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda. Koll-markazda 32 nafar xodim faoliyat yuritib, klinik sinovlarida ishtirok etgan ko‘ngillilardan har kuni telefon orqali xabar olib turildi.

Klinik tadqiqotlarda O‘zbekistondan jami 6966 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi, ulardan 214 nafari 60 yoshdan katta kishilardir. Tadqiqotlar davomida har bir ko‘ngilli ishtirokchi 28 kun oralig‘i bilan 3 ta dozada “vaksina/platsebo” sxemasida emlandi. Ulardan 13 kishida o‘rta darajadagi nojo‘ya taʼsir aniqlangan bo‘lib, 0,002 foizdan kam ko‘rsatkichdir. Alohida ajratilgan guruhlarda 95% holatlarda yetarli darajada antitanalar ishlab chiqarilgani aniqlandi.

Xulosa o‘rnida barcha yurtdoshlarimizdan Xorazmda yuz bergan holat bo‘yicha vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan turli o‘rinsiz, asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rardik!

Zero O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ommaviy vaksinatsiya orqali COVID‘19ni yurtimizda keng tarqalishini oldini olishimiz mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech