O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Sankt-Peterburg tibbiyot va farmatsevtika sanoati klasteri" hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘rtasida ikki tomonlama kelishuv imzolandi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston iqtisodiyotning qator tarmoq vakillari xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va mahalliy farmkompaniyalar vakillaridan iborat biznes missiya guruhi “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi doirasida Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib turibdi.

Tadbirning ikkinchi kunida "O‘zbekiston farmatsevtika sanoati, eksport salohiyati va xalqaro hamkorlik istiqbollari" mavzusida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.

Mazkur majlisda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Akbarov O‘zbekistonning farmatsevtika salohiyati va investitsion jozibadorligi, xususan, xorij investorlari uchun qator imtiyozlarni taqdim etuvchi erkin iqtisodiy zonalar haqida taqdimot o‘tkazib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Yalpi majlis yakunida "Sankt-Peterburg tibbiyot va farmatsevtika sanoati klasteri" hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘rtasida ikki tomonlama kelishuv imzolandi.

Kelishuvni "Sankt-Peterburg tibbiyot va farmatsevtika sanoati klasteri" nomidan direktorlar kengashi vakili Dmitriy Chagin va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi nomidan direktorning birinchi o‘rinbosari Dilshod Akbarov imzoladi.

Maʼlumot uchun, dori vositalari, tibbiy asboblar va farmatsevtik substansiyalar ishlab chiqarish hamda tibbiyot va farmatsevtika sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan "Sankt-Peterburg tibbiyot va farmatsevtika sanoati klasteri" 2010 yilda tashkil topgan bo‘lib, hozirda mazkur innovatsion hududiy klasterdagi farmatsevtika korxonalar soni 174 tadan iborat.

Va nihoyat biznes missiyaning uchinchi kunida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Akbarov va O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburgdagi Bosh konsuli Alisher Babayev, Rossiyaning faol farmatsevtik substansiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Aktivniy Komponent" farmatsevtik kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, dori vositalarini ishlab chiqarish sohasida investitsion hamkorlikni rivojlantirish borasida muzokaralar olib bordi. Muzokaralardan so‘ng delegatsiya vakillari ushbu farmkompaniya ishlab chiqarish zonasini aylanib, korxonaning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech