O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sankt-Peterburgda "Made in Uzbekistan" milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Sankt-Peterburgdagi "Made in Uzbekistan" milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi doirasida Rossiyaning “Farmasintez” kompaniyasi rahbariyati bilan onkologik preparatlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish loyihasi borasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari borasida muzokaralar olib borildi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi tomonidan tashkil etilgan "Made in Uzbekistan" milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi 27 iyul kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning eksport salohiyati, investitsiya loyihalari uchun keng imkoniyatlari borasida davra suhbatlari hamda taqdimotlar o‘tkazilishi, shuningdek, yurtimiz ishab chiqaruvchilarining mahsulotlari namoyish etilib, ularning rossiyalik ishbilarmon doira vakilari bilan uchrashuvlari uyushtirilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur ko‘rgazma doirasida Sankt-Peterburgga yurtimizning faoliyati eksportga yo‘naltirilgan 100 dan ziyod kompaniyalari: qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, maishiy texnika va elektronika, oziq-ovqat va kimyo sanoati mahsulotlarini taqdim etuvchi korxonalar, shuningdek Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi nufuzli kompaniyalar vakillari ham tashrif buyurishdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘rgazmada o‘z stendi bilan ishtirok etayotgan qatnashchilar qatorida bo‘lib, bu stendda O‘zbekistondagi ilg‘or farmatsevtik kompaniyalar, xususan, "Dentafill Plyus", "Nika Pharm", "Uzgermed Pharm", "Remedy group", “Samo”, "Optima Gloves", Fazo Luxe" MCHJ korxonalarining ko‘rgazma mahsulotlari o‘rin egallagan.

Tashrifning birinchi kunida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Akbarov tuberkulyoz (sil), OIV-infeksiyalari, onkologiya, qandli diabet, gepatit va COVID-19 kabi xastaliklarini davolashga mo‘ljallangan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi “Farmasintez” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘i onkologik preparatlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish loyihasi borasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech